Bu oltinchisi. “Tolibon” Afg‘onistonda yana bir viloyat markazini bosib oldi

Olam

image

Kecha, 9 avgust kuni “Tolibon” radikal harakati jangarilari Afg‘oniston shimolidagi Samangan provinsiyasi ma’muriy markazi Aybak shahrini egallab oldi. Shu tariqa toliblar nazoratiga o‘tgan provinsiya ma’muriy markazlarining soni oltitaga yetdi. Bu haqda “The Guardian” yozmoqda.

Mahalliy oqsoqollar Aybakni qurolli to‘qnashuvlardan xalos qilishga chaqirganidan keyin harakat vakillari shaharga jangsiz kirgan. Gubernator tinch aholining halok bo‘lmasligi uchun askarlarini chekinishga chaqirgan.

“Mahalliy xavfsizlik kuchlari va amaldorlar shaharni bir tomondan tark etganidan so‘ng, taxminan 30 daqiqa o‘tib, toliblar boshqa tomondan kirib keldi”, deydi nashr manbasi.

Ma’lumot o‘rnida, shu vaqtga qadar “Tolibon” harakati Juzjon, Sari-Pul, Qunduz, Nimro‘z va Taxor provinsiyalari markazlari ustidan o‘z nazoratini o‘rnatgan. Nashrga ko‘ra, ayni vaqtda Afg‘onistondagi 120 ta shahar “Tolibon” qo‘l ostida qolmoqda.

Ma’lumot uchun, hozirda Afg‘onistonda hukumat kuchlari va “Tolibon” o‘rtasida harbiy harakatlar ketyapti. Kimning qo‘li baland kelishi borasida bir aniq bashorat berish qiyin. Chunki O‘zbekistonning janubiy qo‘shnisidan har kuni turli xil xabarlar kelmoqda. 

Bir safar toliblar Afg‘onistonning biror tumanini egallagani aytilsa, boshqa safar hukumat kuchlari harakat a’zolarining bir qancha jangarilarini yo‘q qilganini aytmoqda. Jumladan, Afg‘oniston Milliy mudofaa va xavfsizlik kuchlari bir sutkada “Tolibon” harakatining 450 dan ortiq jangarasini yo‘q qilgani haqida xabar bergan bo‘lsa, iyul oyi oxirida harakatning bir necha qo‘mondonlari hibsga olingani aytilgandi. Shu o‘rinda, mamlakatni tark etayotgan AQSHning urinishlarini esdan chiqarmaslik kerak. Amerika Havo kuchlari bir necha marta toliblarni havodan o‘qqa tutib, “Tolibon”ni faol harbiy harakatlar olib bormaslikka chaqirdi. O‘z navbatida, rasmiy Qobul “Tolibon” bilan tinchlik o‘rnatishga rozi ekanini ma’lum qilgan.

Faollashgan “Tolibon” va Afg‘onistondagi keskinlik

Afg‘onistondagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat joriy yilning aprelida AQSH Prezidenti Jo Baydenning respublikada Amerika qurolli kuchlarining operatsiyasi yakuniga yetganini e’lon qilganidan so‘ng, ancha yomonlashdi. 

Joriy yilning 13 iyul holatiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar o‘z qo‘shinlarining 95 foizidan ko‘prog‘ini Afg‘onistondan olib chiqib ketib bo‘ldi. Bu jarayon 31 avgustga qadar yakunlanishi kutilmoqda. Shtatlar kabi NATOning boshqa a’zolari ham Afg‘onistonni tark etmoqda. Jumladan, ItaliyaAvstraliya va Germaniya kuchlari, allaqachon, mamlakatdan chiqib ketgan.

Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi fonida “Tolibon” harakati mamlakat hududlari ustidan nazoratni o‘rnatish maqsadida hujumlarni kuchaytirmoqda. Toliblarning ta’kidlashicha, ular ayni paytda Afg‘onistonning 85 foizini nazorat qilmoqda. Bundan tashqari, harakat kuchlari bir qator qo‘shni davlatlar — Turkmaniston, Tojikiston, Eron va Pokiston bilan chegarada joylashgan nazorat punktlarini ham egallab olgan. Shunday bo‘lsa-da, harakat vakillari Afg‘onistondan tashqariga chiqmasliklarini va qo‘shni davlatlarga xavf solmasliklarini qayta va qayta ta’kidlamoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

57

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing