Bu MXDQning maxsus operatsiyasi edi – Atamboyev qamalishiga sabab bo‘lgan ish bo‘yicha bayonot berdi
Olam
−
04 Sentabr 2020
28315Qirg‘izistonning sobiq Prezidenti Almazbek Atamboyev “qonundagi o‘g‘ri” Aziz Batukayev jinoiy ishi bo‘yicha bayonot berdi.
U Batukayevning ozodlikka chiqarilishi 2010 yil 7 aprelda namoyishchilarga o‘q uzishda ayblangan Janish Bakiyevni Qirg‘izistonga ekstraditsiya qilish rejasining bir qismi bo‘lganini ma’lum qildi.
“2011 yildan men, Qirg‘iziston Prezidenti sifatida jinoyatchi Janish Bakiyevni mamlakatga ekstraditsiya qilish uchun barcha choralarni ko‘rdim. Batukayev ishining mohiyati shundaki, 2012 yilda Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) operatsiyasi natijasida Janish Bakiyev Qirg‘izistonga keltirilishi kerak edi. Bu operatsiyani boshqarishni uning tashabbuskori bo‘lgan MXDQning o‘sha vaqtdagi raisiga topshirgandim. Afsuski, xavfsizlik qo‘mitasi operatsiyasi muvaffaqiyatchizlikka uchradi”, degan Atamboyev.
Sobiq Prezidentning ta’kidlashicha, na jinoiy ish materialida, na guvohlar ko‘rsatmasida u tomonidan yo‘l qo‘yilgan korrupsiya holati yoki boshqa jinoiy harakat haqida birorta fakt yo‘q. U shuning uchun, sud ishi yopiq tarzda ko‘rilgan va barcha haqiqatlar maxfiylashtirilgan deb hisoblayapti.
“Men qonxo‘r jinoyatchining Qirg‘izistonga olib kelinishi va javob berishi uchun MXDQ operatsiyasiga rozilik berganim ortidan 11 yilga qamalgan bo‘lib qolyapman”, deydi Atamboyev.
Uning arizasi 2020 yil 29 avgust sanasi bilan belgilangan.
Atamboyev o‘sha vaqtdagi MXDQ raisi deb katta ehtimol bilan Shamil Ataxonovni nazarda tutyapti. 2012 yilda u MXDQ raisi lavozimini egallagan. Uning ko‘rsatmasi esa Atamboyevga qarshi ayblov xulosasining asosini tashkil qilgan.
Ataxonov 2011 yil 5 dekabrdan 2012 yil 29 oktyabrgacha MXDQni boshqargan, keyin IIVga rahbarlik qilgan. Oradan 4 oy o‘tib, 2013 yil fevralda ichki ishlar vaziri lavozimidan ozod qilingan. Negaki uning nomzodi Bosh vazir o‘rinbosari lavozimiga tavsiya qilingan.
Bir yil muqaddam ijtimoiy tarmoqlarda Atamboyevga qarshi ochilgan jinoiy ish parchalari tarqalgandi. Unda Ataxonovning ko‘rsatmasi ham bo‘lgan. U o‘z ko‘rsatmasida Batukayevni ozod qilish bo‘yicha ba’zi ma’lumotlarni keltirgan.
O‘sha hujjatlarga ko‘ra, Ataxonov o‘ziga bir xorijiy jurnalist aloqaga chiqqanini, u Chechenistondagi obro‘li shaxslar asli chechen bo‘lgan Aziz Batukayevni ozodlikka chiqishini istayotganini, evaziga qochoq Janish Bakiyevni Qirg‘izistonga topshirishini aytgan. Ataxonov Atamboyev bilan uchrashgan va ushbu operatsiyani o‘tkazishga rozilik olgan.
Jinoyat olamida “qonundagi o‘g‘ri” unvonini olgan Aziz Batukayev 2006 yil 3 avgustda sud qarori bilan 16 yil 8 oyga qamalgandi. U jazoni qattiq tartibli koloniyada o‘tashi va uning mol-mulki musodara qilinishi belgilangan. Batukayev 2005 yil Moldovanovka qishlog‘idagi axloq tuzatish koloniyasidagi tratibsizliklar vaqtida Jo‘qorg‘i Kenesh deputati Tinichbek Akmatboyev, Jazoni o‘tash bosh boshqarmasi boshlig‘i Ikmatulla Po‘latov va parlamentning ikki xodimini o‘ldirishga aloqadorlikda ayblangan.
Batukayev jazoni Norindagi 4-sonli qamoqxonada o‘tayotgan bo‘lgan. 2013 yil bahorda u tibbiy asos bilan ozodlikka chiqarilgan. Unga saraton tashxisi qo‘yilgan. U ozod qilingan kuni Qirg‘izistonni tark etgan.
Keyinroq Batukayevning tibbiy ma’lumotnomasi soxta ekani ma’lum bo‘lgan. U o‘ziga tayinlangan jazoning yarmini o‘tab bo‘lgandi.
Oradan bir necha yil o‘tib esa, Qirg‘izistonning sobiq Prezidenti Almazbek Atamboyev shu ish ortidan 11 yil va ikki oyga qamaldi.
LiveBarchasi