Dubaydagi uchrashuv Bakiyevni qaytarish uchun qilinganmidi?
Olam
−
22 fevral 2023
12238Qirg‘iziston respublikaning sobiq prezidenti Qurmanbek Bakiyevni vataniga qaytarish niyatida emas. Joriy yilning 18 fevral kuni Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahridagi amaldagi davlat rahbari Sadir Japarov va sobiq prezidentlar o‘rtasida tashkil etilgan uchrashuv bu maqsadda o‘tkazilmagan. Bu haqda Japarov Qirg‘iziston davlat axborot agentligi “Kabar”ga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Sadir Japarovning qayd etishicha, Qurmanbek Bakiyev sudlangan va u buni unutgan emas. Sud qarori esa hamon amalda.
“13 yil davomida Bosh prokuratura Belarusga uni bizga topshirish talabi bilan to‘rtta ekstraditsiya so‘rovini yubordi. Bizni to‘rt marta rad etishdi. Uchrashuvimdan gapirsam, bizning eng asosiy qonunimiz Konstitutsiyadir. Asosiy qonunning 66-moddasi 2-bandida Prezident xalq va davlat hokimiyati birligini ta’minlaydi, deb belgilangan. Men o‘z vazifamni bajaraman. Mas’uliyatga kelsak, har kim o‘z aybi uchun Xudo, tarix va qonun oldida javob beradi”, deydi u.
Qirg‘iziston Respublikasi rahbarining ta’kidlashicha, ko‘pchilik bu uchrashuv sobiq prezident Bakiyevni vataniga qaytarish maqsadida o‘tkazilganini yozmoqda.
“Agar men Qurmanbek Bakiyevni olib kelmoqchi bo‘lsam, Dubayda emas, Bishkekda uchrashardik. Bakiyevdan boshqa hamma poytaxtga kelishi mumkin. Bakiyevga ko‘ra esa sud qarori bor. Agar u kelsa, uni qamoqqa olish kerak. Biz sud qaroriga bo‘ysunishimiz kerak”, deya xulosa qildi u.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 18 fevral kuni BAAda Qirg‘iziston Prezident Sadir Japarov boshchiligida mamlakatning sobiq rahbarlari – Asqar Akayev, Qurmanbek Bakiyev, Roza Otunbayeva, Almazbek Atamboyev va Sooronbay Jeenbekov o‘rtasida uchrashuv o‘tkazilgan. Ammo kuni kecha qamoqdan chiqqan Atamboyev Bakiyevni ko‘rgach, ushbu uchrashuvni tark etgan. U bu haqda gapirarkan, uni sobiq prezidentlar bilan emas, balki amaldagi davlat rahbari Sadir Japarov va Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev bilan uchrashuvga taklif qilishganini, uchrashuvda Bakiyevni ko‘rgach, uni tark etganini aytgan.
“Mamlakatimizda tinchlik va hamjihatlikning o‘rnatilishi va Bakiyevlarning Qirg‘izistonga qaytishi orasida ikki katta farq bor. Birlashtirish butunlay boshqacha natija beradi. Juda ko‘p qon to‘kilgan, juda ko‘p narsani unutmaslik kerak va unutib bo‘lmaydi. Jinoyatchilar albatta javob berishi kerak. Eng avvalo ularni qurbonlarning yaqinlari kechirishi kerak. Va umid qilamanki, Prezident Sadir Japarov meni eshitib, to‘g‘ri qaror qabul qiladi”, deb fikr bildirgan Almazbek Atamboyev.
Bakiyev nega Belarusga qochgan
Qirg‘izistonda boshqaruv Otunboyeva o‘tishidan avval davlatni Qurmanbek Bakiyev boshqargan. Bosh vazir Qurmanbek Bakiyev muddatidan oldin o‘tkazilgan Prezidentlik saylovlariga qadar davlat rahbari sifatida ishladi. Prezidentlikka asosiy nomzodlar Bakiyevning o‘zi va muxolifat lideri Feliks Qulov hisoblanar edi. Ammo Qulov g‘alaba qozongan taqdirda ham o‘zini Bosh vazir etib tayinlanishi va’dasi evaziga Bakiyev foydasiga nomzodini rad etdi. Saylovda Bakiyev g‘alaba qozondi.
2009 yil 23 iyulda Qirg‘izistonda navbatdagi Prezident saylovlari bo‘lib o‘tdi. Amaldagi Prezident Qurmanbek Bakiyev 90 foizga yaqin ovoz oldi. Biroq kuzatuvchilar ushbu saylovlarning adolatliligini shubha ostiga oldi. O‘sha yilning 2 avgustida qayta saylangan Bakiyevning inauguratsiyasi bo‘lib o‘tdi. Qurmanbek Bakiyev o‘z Prezidentligi davrida ko‘p vektorli siyosat yurgizishga harakat qildi. Ammo, mamlakat iqtisodiyoti barqarorlashuvi o‘rniga orqaga qarab ketishda davom etdi. Bakiyev boshqaruvidagi eng katta xatolardan biri esa uning mamlakatda bir-biriga qarshi bo‘lgan AQSH va Rossiya harbiy bazalarining faoliyat yuritishini ta’minlashi bo‘ldi.
Oqibatda so‘nggi 5 yillikda qo‘zg‘almagan xalq “uchinchi” tomon yordamida g‘alayon ko‘tardi. 2010 yilning bahorida Qurmanbek Bakiyevning iste’fosini talab qilib, muxolifat namoyishlari bo‘lib o‘tdi. O‘sha yilning 7 aprelida muxolifat bilan Ichki ishlar vazirligi o‘rtasidagi to‘qnashuvlar qurolli inqilobga aylandi, muxolifat tarafdorlari poytaxt Bishkek va asosiy ma’muriy binolarni egallab oldi. Bakiyev poytaxtdan Jalolobod viloyatiga qochib ketdi. 8 aprel kuni Bakiyev qirg‘iz xalqiga murojaat qildi. U mamlakatdagi vaziyatni nazorat qilmasligini tan olganiga qaramay, iste’foga chiqishni rad etdi. Qurmanbek Bakiyev tashqi kuchlarning Qirg‘izistondagi vaziyatni beqarorlashtirishdan manfaatdorligini e’lon qildi, lekin u qaysi mamlakatni nazarda tutganini aniq ko‘rsatmadi. BMTni Qirg‘izistonga tinchlikparvar kuchlarni kiritishga chaqirdi.
2010 yilning 15 aprel kuni Jalolobodda muxolifat yetakchilari va Bakiyev o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Muxolifat bosimi ostida Qurmanbek Bakiyev xavfsizlik kafolati evaziga iste’foga chiqish to‘g‘risidagi xatni imzolashga rozi bo‘ldi. O‘sha kuni u Qirg‘izistonni tark etib, Qozog‘istonning Taraz shahriga uchib ketdi va 16 aprel kuni Qozog‘istonda Qirg‘iziston Prezidentligidan iste’foga chiqish xatini imzolashi bilan Muvaqqat Hukumat to‘qnashuv tugaganini e’lon qildi.
Uch kun o‘tib. Qurmanbek Bakiyev Belarusga uchdi. Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko Bakiyev va uning oilasiga siyosiy boshpana berdi.
Ta’kidlash joizki, Qirg‘izistonning yon qo‘shnisi O‘zbekiston Birinchi Prezidenti, marhum Islom Karimov ushbu mamlakatdagi rahbariyat o‘zgarishiga olib kelgan voqealarga “Qirg‘izistonning ichki ishi”, deb munosabat bildirgan va qarama-qarshilikni tinch yo‘l bilan yechishga chaqirgan.
LiveBarchasi