Shavkat Mirziyoyev Turkistonda Sadir Japarov bilan uchrashdi
Jamiyat
−
15 may 1208 1 daqiqa
Bugun, 15 may kuni Turkiston shahrida bo‘lib o‘tayotgan Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammiti doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, samimiy muloqotda O‘zbekiston – Qirg‘iziston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqilgan.
O‘zaro savdo hajmi jadal o‘sib, sanoat, qishloq, suv xo‘jaligi va boshqa ustuvor sohalarda kooperatsiya loyihalari ilgari surilayotgani mamnuniyat bilan qayd etilgan. Madaniy-gumanitar almashinuvlar kengayib bormoqda.

Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari, energetika va transport sohalaridagi yirik mintaqaviy loyihalarni, shu jumladan, “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishini jadallashtirish choralari muhokama qilingan.
Shuningdek, yetakchilar mintaqaviy kun tartibining muhim jihatlari yuzasidan fikr almashgan va bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlar rejasini ko‘rib chiqqan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Qosim-Jomart To‘qayev bilan birgalikda Turkiston shahrida O‘zbekiston tomonidan bunyod etilgan masjid bilan tanishgan edi.
Live
Barchasi