Turkistonda O‘zbekiston qurgan 5 ming kishilik masjid ochiladi

Jamiyat

image

Bugun, 15 may kuni amaliy tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bilan birgalikda Turkiston shahrida O‘zbekiston tomonidan bunyod etilgan masjid bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, majmuaning umumiy maydoni 7 gektardan ziyodni tashkil etadi, unda 5 mingdan ortiq kishi namoz o‘qishi mumkin. Muhtasham ansambl to‘rtta 70 metrlik minora hamda asosiy zal va an’anaviy ayvonlarni o‘z ichiga olgan uch qavatli bosh binodan iborat.

Islom va Sharq me’morchiligining eng yaxshi an’analariga muvofiq barpo etilgan jome masjidida milliy naqshlar, sharqona gumbazlar, baland minoralar hamda zamonaviy qurilish texnologiyalari uyg‘un qiyofa kasb etgan. Masjidning ichki bezagida islom xattotlik va naqqoshlik san’ati namunalaridan keng foydalanilgan.

Ma’lum qilinishicha, atrofdagi 4,2 gektar maydonni obodonlashtirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. U yerda yashil maydonlar, yo‘laklar, dam olish joylari, yoritish tizimlari, manzarali qurilmalar va favvoralar barpo etilmoqda.

“O‘zbekiston tomonidan qardosh Qozog‘iston xalqi hamda Turkiston aholisiga tuhfa sifatida qurib bitkazilgan ushbu muhtasham majmua ikki davlat o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik va madaniy yaqinlik, yaxshi qo‘shnichilik hamda ittifoqchilik munosabatlarining yorqin ifodasi bo‘lgani ta’kidlandi”, deyiladi xabarda.

Bildirilishicha, Qur’on oyatlari tilovat etilib, qardosh xalqlarga tinchlik va farovonlik tilab, duo o‘qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Turkiston shahriga borgani haqida xabar berilgan edi. Bugun davlat rahbari Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammitida ishtirok etadi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev masjid Qosim-Jomart To'qaev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing