“Bu majburiy chora bo‘lgan”. Japarov Ukraina suverenitetini buzgan Putinni oqladi

Olam

image

Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Ukraina sharqidagi vaziyatni odamlar qurbon bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun muzokaralar stolida “faqat tinch diplomatik yo‘l bilan” hal etish tarafdori. Bu haqda u ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida yozib qoldirgan.  

“Ukraina sharqidagi vaziyatning rivojlanishini xavotir va chuqur tashvish bilan kuzatyapman. Vaziyatdan, jumladan, Donbass atrofidagi vaziyatning rivojlanishi haqida doimo xabardor bo‘ldim. Minsk kelishuvlarining talablari bajarilmasligi hozirgi qiyin vaziyatga olib keldi”, deb yozgan Japarov o‘zining Facebook’dagi sahifasida. 

U “mojaroning yanada kuchayishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun maksimal ehtiyotkorlik va vazminlik”ga chaqirgan. 

“Qayd qilmoqchimanki, u yoki bu davlatni tan olish har qanday davlatning suveren huquqidir”, deya xulosa qilgan Japarov. 

Qirg‘iziston Prezidentining ta’kidlashicha, “ehtimol bu ko‘p sonli Rossiya fuqarolari istiqomat qiladigan Donbass hududlaridagi tinch aholini himoya qilishga qaratilgan majburiy chora bo‘lgan”.

Eslatib o‘tamiz, 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH Prezidenti Jo Bayden ayrim shaxslarning mulkini bloklash va ayrim operatsiyalarni taqiqlovchi farmon qabul qildi. Hujjat DXR va LXRga sarmoya kiritishni, shuningdek, ushbu mintaqalardan har qanday tovarlar, xizmatlar yoki texnologiyalarni Qo‘shma Shtatlarga import qilishni taqiqlaydi.

Bundan tashqari, ushbu farmon o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan respublikalarda harakat qilishga qaror qilgan har qanday shaxsga nisbatan jazo choralarini qo‘llash imkonini beradi.

Qo‘shma Shtatlarda joylashgan yoki keyinchalik AQSHga kiradigan, DXR va LXR bilan bog‘liq shaxslarga tegishli bo‘lgan barcha mulk va mulkdagi ulushlar bloklanadi.

Shuningdek, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi. 


Maqola muallifi

Teglar

Putin Japarov

Baholaganlar

163

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing