“Bu xatolik bo‘lishi mumkin”. Tramp Rossiya dronlarining Polshaga kirishi haqida

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp Rossiya uchuvchisiz samolyotlarining Polsha havo hududiga bostirib kirishini qoralar ekan, bu beixtiyor, xato tufayli sodir bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini aytdi. Bu haqda Tramp kecha, 11 sentyabr Oq uy hovlisida jurnalistlar bilan suhbatda ma’lum qildi.

“Bu xato bo‘lgan bo‘lishi mumkin, lekin shunday bo‘lsa ham, men bu vaziyat bilan bog‘liq hamma narsadan mamnun emasman”, dedi Tramp.

AQSH Prezidenti Rossiyani “hatto bu chiziqqa yaqin turgani uchun ham” qoralashini qo‘shimcha qildi.

“Menga yoqmaydi. Men bundan mamnun emasman”, dedi Prezident.

10 sentyabrga o‘tar kechasi Rossiya Ukrainaga yirik zarbalar berganida, kamida 19 ta dron Polsha chegarasini kesib o‘tdi. Dronlarni tutib olish uchun Polsha samolyotlaridan tashqari boshqa NATO davlatlarining qiruvchi samolyotlaridan ham foydalanilgan.

Dron parchalari Belarus va Ukraina bilan chegara yaqinidagi Viriki qishlog‘idagi turarjoy binosiga zarar yetkazdi, qurbonlar yo‘q.

Varshavaning ta’kidlashicha, Rossiya ataylab Polshaga hujum qilgan va Varshava Shimoliy Atlantika shartnomasining 4-moddasiga muvofiq NATO ittifoqchilari bilan maslahatlashishni talab qilgan.

Germaniya Mudofaa vaziri Boris Pistorius ham Bundestagdagi nutqida Rossiyaning dronlari Polsha hududiga ataylab uchirilgani aniq ekanini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu kursni sozlashda xato bo‘lgan deb ishonishga asos yo‘q.

Bunga javoban Rossiya Mudofaa vazirligi Polshadagi nishonlarga zarba berishni “rejada qilmagani” haqida xabar berdi. 
Polsha Qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i general Visslav Kukulaning ma’lum qilishicha, Polsha harbiylari Belarusdan dronlar harakati haqida ogohlantirish olgan.

“Belaruslar bizni dronlar o‘z havo hududi orqali o‘tayotgani haqida ogohlantirdi”, dedi u.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Donal'd Tramp Pol'sha dron

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing