“Bu — gumanitar falokat”. Putin Afg‘onistondagi vaziyatni baholadi 

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Afg‘onistondan Amerika qo‘shinlari olib chiqilgandan keyingi vaziyatni gumanitar falokat, deb atadi.  

“Bu haqiqat. Bu mening so‘zlarim emas. Amerikalik tahlilchilarning so‘zlari. Bu falokat, chunki amerikaliklar bu kampaniyaga bir yarim trillion dollardan ko‘proq mablag‘ sarflashdi. Natijasi nima bo‘ldi? Nol”, degan Rossiya rahbari. 

U, shuningdek Qo‘shma Shtatlar va ittifoqchilar uchun ishlagan, keyin mamlakatda tashlab ketilgan odamlarning soniga e’tibor qaratgan. 

“Afg‘oniston misolida, men ko‘plab hamkasblarimdan eshitganman — ha, bu xato, ha, biz o‘zimizni noto‘g‘ri tutganmiz, kelajakda bunday qilmasligimiz kerak. O‘sha paytdan beri Osiyo mamlakatlariga, Xitoyga shartli ravishda kelgan va mahalliy aholini madaniyatli qilgan katolik ruhoniylarining ta’lim faoliyatidan boshlab xato yo‘l tutilgan”, degan Putin. 

Prezident Afg‘oniston haqida gapirar ekan, “zo‘ravonlik vositalari” bilan tashqaridan demokratiya o‘rnatishga yo‘l qo‘yilmasligini ta’kidlagan. 

“Agar qaysidir xalqqa demokratiya kerak bo‘lsa, xalq bunga o‘zi erishadi”, deya xulosa qilgan Rossiya rahbari.

Ma’lumot uchun, joriy yilning may oyida AQSH boshliq xalqaro koalitsiya kuchlari Afg‘onistonni tark etishni boshlashi bilan "Tolibon" harakati hukumat nazoratidagi hududlarni egallab ola boshladi. Avgust oyiga kelib, toliblar yirik shaharlarga yurish boshladi.

Oradan ko‘p o‘tmay, joriy yilning 15 avgust kuni Qobulning “Tolibon” qo‘liga o‘tishi bilan Afg‘onistonda harakat hokimiyati o‘rnatildi. Prezident Ashraf G‘ani esa iste’fo berganini hamda mamlakatni tark etganini ma’lum qildi. Hokimiyatni "Tolibon"ga o‘tishini ta’minlash uchun Muvofiqlashtirish kengashi tuzilib, unga Abdulla Abdulla va Hamid Karzay kiritilgandi.

Joriy yilning 19 avgust kuni esa harakat rasmiy bayonot bilan chiqib, mamlakatda Islom Amirligi tuzilganini e’lon qildi. "Tolibon" vakili Vohidulla Hoshimiy harakat Afg‘onistonda demokratik davlat qurmasligini ma’lum qildi.

Qayd etish kerakki, hozirda faqatgina Panjsher viloyati toliblar hokimiyatini tan olmayapti. Viloyatda "Tolibon"ga qarshi kuchlar yig‘ilmoqda. Ularga esa mashhur "dala qo‘mondoni" Ahmad Shoh Mas’udning o‘g‘li Ahmad Mas’ud boshchilik qilyapti.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Putin

Baholaganlar

153

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing