“Bu demokratiya emas”. Putinning g‘alabasiga dunyo qanday munosabat bildirdi?
Olam
−
19 mart
1011415-17 mart kunlari Rossiyada prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tdi. Ushbu saylovda amaldagi davlat rahbari Vladimir Putin g‘alaba qozondi. U 87,32 foiz ovoz bilan yana “kursi”sini saqlab qoldi. Birinchilardan bo‘lib uni Boliviya, Venesuela, Nikaragua, Shimoliy Koreya, O‘zbekiston, Tojikiston kabi davlatlar rahbarlari tabriklagan bo‘lsa, G‘arb davlatlari saylovni adolatsiz deb atadi.
Jumladan, Yevropa Ittifoqi Kengashi raisi Sharl Mishel Rossiyada bo‘lib o‘tayotgan prezidentlik saylovlari bilan bog‘liq X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida istehzoli bayonot e’lon qildi. U Rossiyada saylov boshlanmasidanoq Putinni “ishonchli g‘alaba”si bilan tabrikladi.
Germaniya hukumati esa ovoz berishni senzura, repressiya va zo‘ravonlikka asoslangan avtoritar hukmdor davridagi soxta saylov deb atadi. Germaniya Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer Putinni tabriklamoqchi emasligini va unga xat jo‘natilmasligini ma’lum qilgan.
Fransiya Tashqi ishlar vazirligi Rossiyada erkin, plyuralistik va demokratik saylovlar uchun shartlar yana bir bor bajarilmaganini ta’kidlab, saylov hech qanday xolis xalqaro kuzatuvsiz o‘tganini qayd etdi.
“Rossiyadagi prezidentlik saylovlarini qonuniy, erkin va adolatli deb hisoblash mumkin emas. Ovoz berish aholiga nisbatan qattiq repressiya sharoitida o‘tdi, bu esa erkin demokratik tanlovni imkonsiz qildi”, deyiladi Polsha Tashqi ishlar vazirligi bayonotida.
Britaniya Tashqi ishlar vaziri Devid Kemeron ham Rossiyadagi saylovlarga o‘z munosabatini bildirdi.
“Putin o‘zining siyosiy raqiblarini yo‘q qiladi, ommaviy axborot vositalarini nazorat qiladi va keyin o‘zini g‘olib deb e’lon qiladi. Bu demokratiya emas”, deydi u.
Litva Tashqi ishlar vaziri Gabrielyus Landsbergis ham Rossiyadagi saylovlarni demokratik iroda ifodasi deb hisoblash mumkin emasligini aytib, natijalarni tan olmasligini ta’kidladi.
“Bu demokratik saylovlar emas, balki avtoritar hokimiyatni o‘zini-o‘zi ta’minlash marosimidir. Rossiyadagi saylovlar adolatli ham, erkin ham emas”, deydi Estoniya Tashqi ishlar vazirligi.
AQSH ma’muriyati esa Putin siyosiy raqiblarini qamoqqa tashlagani va boshqalarning saylovda qatnashishiga to‘sqinlik qilganini inobatga olishga chaqirib, bu saylov ochiq ham, adolatli ham bo‘lmaganini ta’kidladi.
Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov Oq uy bayonotini izohlar ekan, bu tinglashga arzimaydigan fikr ekanini aytgan.
“Dunyodagi hamma tushunadi, bu shaxs tarixda tez-tez sodir bo‘lganidek, shunchaki hokimiyatga “kasal” bo‘lib, hukmronlik qilish uchun hamma narsani qiladi”, deydi Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy.
LiveBarchasi