Bu hali boshlanishi – Zelenskiy Rossiya boshqa davlatlarga ham tish qayrashi mumkinligidan ogohlantirdi
Olam
−
24 mart 2022
14262Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy yana dunyo hamjamiyatini Rossiya Qurolli kuchlarining hujumlarini to‘xtatishga chaqirdi. Bu haqda davlat rahbarining Rossiya qo‘shinlari hujumlari boshlanganining 30-kunida ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan videomurojaatida aytiladi.
Ukraina rahbari so‘zi avvalida Rossiya Federatsiyasi Ukrainaga shafqatsiz urush e’lon qilgan kundan roppa-rosa bir oy o‘tganini eslatadi.
“Ukraina hech qachon Rossiya Federatsiyasi xavfsizligiga tahdid solmagan, hozir ham biz sizning yeringizga emas, o‘z yerimizga, xalqimizga tinchlikni qaytarish uchun hamma narsani qilyapmiz”, deydi Zelenskiy.
Ukraina davlati rahbari Rossiya Federatsiyasi fuqarolariga ham murojaat qildi.
“Ishonchim komilki, sizning orangizda davlatingiz siyosatidan nafratlanganlar, televizorda ko‘rgan narsangizdan, o‘z targ‘ibotchilaringiz internetda sizga qanday yolg‘on gapirayotganidan bezor bo‘lganlar ko‘p. Targ‘ibotchilar, ular siz to‘lagan soliqlardan maosh oladigan va urush haqida yolg‘on gapiradigan targ‘ibotchilar. Bu Rossiyaning barcha fuqarolarini qashshoqlashtirmoqda. Har kuni yanada ko‘proq. Bu ahmoqlik emasmi? Davlatingiz sizni kambag‘al qilish, dunyodan ajratib qo‘yish, sizni boshqarishni osonlashtirish, o‘limga, urushga yuborish uchun sizdan soliq yig‘adimi?”, deydi Zelenskiy.
U so‘zida davom etib, “o‘g‘illaringizni urushdan qutqaring” deb xitob qiladi. U rossiyaliklardan urush haqida haqiqatni aytishni, urush uchun soliqlar to‘lamaslikni va uddasidan chiqsalar, mamlakatni tark etishni so‘raydi.
Uning alohida urg‘ulashicha, Rossiyaning Ukrainani bosib olishi faqat boshlanishi. U Rossiya urushi faqat Ukrainaga qarshi urush emasligini ta’kidlaydi..
“Bu ancha kengroq. Rossiya erkinlikka qarshi urush boshladi. Bu faqat Ukraina tuprog‘ida faqat boshlanishi. Rossiya Yevropadagi barcha odamlarning erkinligini qo‘lga kiritishga harakat qilmoqda. Dunyodagi barcha odamlarning... Faqat qo‘pol va shafqatsiz kuch ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatishga harakat qilmoqda. Bizni inson qiladigan hamma narsa kabi, odamlarning ahamiyati yo‘qligini ko‘rsatishga harakat qiladigan Rossiyani tark eta olsangiz, buni qiling”, deydi Zelenskiy.
Davlat rahbari jahon hamjamiyatini Rossiyani to‘xtatishga chaqirdi.
“Shuning uchun biz hammamiz Rossiyani to‘xtatishimiz kerak. Dunyo urushni to‘xtatishi kerak. Men Ukrainani va ozodlikni qo‘llab-quvvatlayotgan barchaga minnatdorlik bildiraman. Ammo urush davom etmoqda. Tinch odamlarga qarshi terror davom etmoqda. Allaqachon bir oy bo‘ldi. Bu mening yuragimni, barcha ukrainaliklarni va yer yuzidagi har bir erkin odamni sindiradi. Shuning uchun urushga qarshi chiqishingizni so‘rayman”, deya qo‘shimcha qilgan Ukraina rahbari.
LiveBarchasi