“Bu hali boshlanishi”. Netanyaxu G‘azoga hujum davom etishini ma’lum qildi  

Olam

image

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar “faqat o‘q ostida” o‘tkazilishini aytdi. Bu haqda “Al Jazeera” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Netanyaxu kecha, 18 mart kuni kechqurun televideniye orqali chiqish qilib, Isroil harbiylari HAMASga “kuchayib borayotgan kuch” bilan zarba berishini ma’lum qilgan. 

“HAMAS so‘nggi 24 soat ichida kuchlarimizning og‘irligini his qildi, men sizni va ularni ishontirib aytmoqchimanki, bu faqat boshlanishi. Biz urushdagi barcha maqsadlarimizga erishish uchun kurashishda davom etamiz – barcha garovga olinganlarni ozod qilish, HAMASni yo‘q qilish va G‘azo Isroilga tahdid solmasligiga va’da beramiz”, deydi Netanyaxu.

Shuningdek, u muzokaralarda siljish yo‘qligida to‘g‘ridan to‘g‘ri HAMASni ayblagan. 

“Isroil Prezident Trampning maxsus vakili Stiv Uitkovning taklifini qabul qilgan bo‘lsa-da, HAMAS buni qat’iyan rad etdi. Shu sababli men kecha HAMASga qarshi harbiy harakatlarni qayta boshlashga ruxsat berdim”, deya hujumni izohladi Netanyaxu.

Shuningdek, Isroil Bosh vaziri G‘azodagi “barcha kutilmagan qurbonlar” uchun HAMAS javobgar ekanini da’vo qildi. U o‘z nutqida falastinlik tinch aholi HAMAS bilan har qanday aloqadan qochishi kerakligini ta’kidlagan.

Qayd etish joiz, HAMAS Trampning vakili taklif qilgan sulhni rad etgan bo‘lsa-da, avvalgi kelishuvlarga rioya qilishni davom ettirishini bildirgan. Misr ham Isroil va HAMASga G‘azo sektorida 60 kunlik sulh, garovga olingan qolgan isroilliklarni ozod qilish va urushni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarni boshlashni o‘z ichiga olgan yangi kelishuv takliflarini taqdim etdi va bu safar HAMASning tashabbusga dastlabki munosabati “umidbaxsh” bo‘lgan.

Ma’lumot uchun, Netanyaxuning bayonoti Isroil ikki oylik sulhdan so‘ng 18 martga o‘tar kechasi G‘azo sektoriga hujumlarni tiklagani fonida yangradi. Isroil hujumlarida 400 dan ortiq falastinlik tinch aholi halok bo‘ldi, ularning aksariyati bolalar, yana 560 dan ortiq kishi yaralandi. Falastin sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, qurbonlar orasida 174 dan ortiq bola bor.


Maqola muallifi

Teglar

hujum Netan'yaxu G'azo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing