“Bu hali boshlanishi”. Kiyevga 61 ta F-16 berilyapti (fotoreportaj)
Olam
−
21 avgust 2023
13968Kecha, 20 avgust kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Niderlandiya va Daniyaga bordi va u yerda F-16 qiruvchi samolyotlarini Kiyevga yetkazib berish masalasini muhokama qildi. Bu haqda u o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qildi.
Niderlandiyaga safari doirasida u mamlakat Bosh vaziri Mark Ryutte bilan Eyndxoven harbiy aviabazasiga borib, F-16 samolyotlarini ko‘zdan kechirdi. Dastlab, Zelenskiy bilan qo‘shma matbuot anjumanida Bosh vaziri Mark Ryutte Niderlandiya Ukrainaga F-16 qiruvchi samolyotlarini yetkazib berish niyatida ekani, biroq ularning aniq soni hozircha ma’lum emasligini aytdi.
“Qiruvchilarni yetkazib berish Ukraina va Niderlandiya o‘rtasidagi hamkorlikning navbatdagi bosqichi bo‘ladi”, degan Ryutte.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda Niderlandiya ixtiyorida 42 ta qiruvchi samolyot bor. Ular asta-sekin zamonaviyroq F-35 samolyotlari bilan almashtirilmoqda.
“Bizga Daniyada va tez orada Ruminiyada o‘quv dasturi uchun bir nechta samolyot kerak. Ayni paytda biz qancha samolyot yetkazib berishimizni ayta olmaymiz”, degan Bosh vazir.
Biroq keyinchalik Ukraina Prezidenti Niderlandiya bilan Kiyevga 42 ta F-16 qiruvchi samolyotlarini yetkazib berish bo‘yicha “katta kelishuv”ga erishilganini e’lon qildi.
“Mark Ryutte va men uchuvchilarimiz va muhandislarimiz tayyorlangandan so‘ng Ukrainaga beriladigan F-16 samolyotlari soni bo‘yicha kelishib oldik. 42 ta samolyot. Va bu hali boshlanishi”, deb yozdi u Telegram-kanalida.
Biroq yetkazib berish sanalari hali ham noma’lumligicha qolmoqda. Niderlandiyaning “NL Times” axborot portaliga ko‘ra, samolyotlarni topshirish kelasi yozgacha amalga oshirilmaydi. Bundan tashqari, Ryuttening ta’kidlashicha, boshqa masalalarni, xususan, Ukrainada samolyotlarga xizmat ko‘rsatish uchun zarur infratuzilma tayyor bo‘lishini ham hisobga olish kerak.
Shu kunning o‘zida Zelenskiy Daniyaga ham bordi va mamlakat rahbariyati va qirollik oilasi bilan uchrashuv o‘tkazishini ma’lum qildi.
“Daniya. Biz Ukrainani mustahkamlash, xalqimizni himoya qilish uchun ishlashda davom etamiz. Men Bosh vazir Mette Frederiksen xonim, qirollik oilasi, partiya rahbarlari, Folketing [parlament] a’zolari va Daniya biznesi vakillari bilan uchrashaman”, deb yozdi u Telegram-kanalida.
Muzokaralar kun tartibiga qo‘yiladigan masalalar qatorida mamlakatlar hamkorligi va F-16 qiruvchilarini yetkazib berish masalalarini sanab o‘tdi.
Tashrif davomida Zelenskiy Daniya Bosh vaziri Mette Frederiksen bilan Janubiy Yutlandiyadagi Skridstrup aeroportida F-16 qiruvchilaridan birini ko‘zdan kechirdi. Rasmiy sahifalarda e’lon qilingan suratlarda Zelenskiy va Frederiksen samolyot uchuvchilari o‘rindig‘ida o‘tirganini ko‘rish mumkin.
Keyinchalik o‘tkazilgan matbuot anjumanida Bosh vazir Mette Frederiksen Daniya F-16 qiruvchi samolyotlarini Ukrainaga Yangi yilga yaqinroq yetkazib berishga umid qilayotganini aytdi.
“Biz buni imkon qadar tezroq qilamiz. Ko‘p narsaga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Umid qilamizki, Ukraina Yangi yilga yaqinroq birinchi oltita jangovar samolyotni qabul qila oladi”, degan Daniya Bosh vaziri.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 2024 yilda sakkizta, 2025 yilda yana beshta qiruvchi samolyotni yetkazib berish rejalashtirilgan. Frederiksenning aniqlik kiritishicha, hozirda 70 nafar ukrainalik Daniyada F-16 samolyotini boshqarishga o‘qitilmoqda.
Daniya Mudofaa vazirligi ham buni tasdiqlab, Kopengagen Kiyevga 19 ta F-16 qiruvchisini topshirishga tayyor ekani ma’lum qildi.
Qayd etish joizki, joriy yilning mart oyida Daniya hukumati parlamentdagi partiyalar bilan 2023 yilda 7 milliard kronlik (1 milliard dollardan ortiq) Ukraina jamg‘armasini yaratish bo‘yicha kelishuvga erishgan. Shundan 5,4 milliardi harbiy yordamga – qurol-yarog‘, asbob-uskunalar va treninglar uchun, 1,2 milliard kron (173 million dollar) fuqarolik yordamiga – shoshilinch insonparvarlik sa’y-harakatlari va uzoq muddatli qayta qurish uchun ajratildi. Iyun oyida 2023-2028 yillarda jamg‘arma doirasida Ukrainaga harbiy yordamni 21,9 milliard kronga (3,1 milliard dollar) oshirish bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Daniya 2023 yilda qo‘shimcha 7,5 milliard kron (1,1 milliard dollar), 2024 yilda 10,4 milliard kron (1,52 milliard dollar) va 2025-2028 yillarda har yili 1 milliard (150 million dollar) ajratadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Zelenskiy bugun, 21 avgust kuni Daniya parlamentida nutq so‘zlaydi. Keyin uni partiya yetakchilari, parlament guruhlari raislari va Tashqi ishlar kengashi, Tashqi ishlar qo‘mitasi, Yevropa qo‘mitasi va Mudofaa qo‘mitasi qabul qiladi. Shundan so‘ng Ukraina Prezidenti qirolicha Margrete II bilan uchrashadi.
Eslatib o‘tamiz, 19 avgust kuni Zelenskiy rafiqasi bilan Shvetsiyaga borgandi. U qirol Karl XVI Gustav va qirolichasi Silviya, Bosh vazir Ulf Kristersson, spiker Andreas Norlen va parlamentdagi partiyalar raislari bilan uchrashgandi. Tashrif davomida CV-90 piyoda jangovar mashinasini ukrainada ishlab chiqarishga kelishilgan, Shvetsiya harbiy yordamining yangi, 13-paketini topshirishga tayyorgarlik ko‘rilayotgani va Gripen samolyotini Kiyevga topshirish masalasi muhokama qilingandi.
LiveBarchasi