Bu hafta O‘zbekistonda harorat keskin pasayadi
Bu qiziq
−
20 iyul 6269 2 daqiqa
O‘zbekistonda bu hafta kunduzi havo harorati 32–37 darajagacha, ayrim joylarda esa 30 darajagacha tushishi kutilmoqda. Bu haqda O‘zgidromet xabar berdi.
O‘tgan hafta O‘zbekiston aholisi nihoyatda issiq ob-havo sharoitini boshdan kechirdi. Havo haroratining eng yuqori ko‘rsatkichi 43–45 daraja, janubda va cho‘l hududlarida esa 46–49 darajagacha ko‘tarildi. Kecha, 19 iyul kuni respublikaning shimoli-g‘arbiy hududlarida havo harorati pasaya boshlagan. Bugun, 20 iyul kuni cho‘l hududlarida, ertaga, 21 iyul kuni esa respublikaning barcha hududlarida havo haroratining pasayishi kuzatiladi.
Joriy yilning 20–24 iyul kunlari O‘zbekiston bo‘yicha havo biroz bulutli, ba’zi joylarda o‘zgaruvchan bo‘lishi kutilmoqda, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Faqat 21 iyulda Qoraqalpog‘iston Respublikasida va 22 iyulda Farg‘ona vodiysi viloyatlarida ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.
Tog‘li hududlarda ayrim joylarda vaqti-vaqti bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.
Bugun kunduzi havo harorati 40–43 daraja bo‘ladi, janubda ba’zi joylarda 45–47 darajagacha, shimolda 34–39 daraja bo‘ladi.
Ertadan boshlab ish haftasining oxirigacha havo harorati kechasi 20–25 darajagacha, kunduzi 32–37 darajagacha, ba’zi joylarda 30 darajagacha pasayadi.
Joriy yilning 20–22 iyul kunlari respublikaning ba’zi joylarida shamol tezligi 13–18 m/s gacha kuchayadi, ayrim joylarda 20–22 m/s gacha kuchayishi mumkin.
Toshkentda havo biroz bulutli, vaqti-vaqti bilan o‘zgaruvchan bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Bugun kunduzgi havo harorati 41–43 daraja, ertaga kechasi 25–27 daraja, kunduzi 36–38 daraja bo‘ladi, 22–24 iyul kunlari kechasi 20–23 darajagacha, kunduzi 31–34 darajagacha pasayadi. Sharqiy shamol yo‘nalishini o‘zgartirib, g‘arbdan 3–8 m/s tezlikda esadi, vaqti-vaqti bilan 12–15 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 20 iyul kuni O‘zbekistonning ayrim hududlarida, jumladan Toshkent shahrida kuchli shamol va ayrim joylarda chang-to‘zonlar kuzatilishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi. Shuningdek, O‘zgidromet joriy yilning 21–24 iyul kunlari kutilayotgan yomg‘irlar yog‘ishi sababli, respublikaning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida sel-suv toshqini hodisalari yuzaga kelishi mumkinligi haqida ogohlantirish bilan chiqqan edi.