Britaniyalik siyosiy sharhlovchi AQSHda hibsga olindi

Olam

image

Britaniyalik o‘ng qanot siyosiy sharhlovchi Maylo Yanopulos AQSH Immigratsiya va bojxona nazorati xizmati tomonidan hibsga olindi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Qayd etilishicha, 41 yoshli Yanopulos kecha, 28 avgust kuni Luiziana shtatidagi Lui Armstrong Nyu-Orlean xalqaro aeroportida qo‘lga olingan.

AQSH Ichki xavfsizlik vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Yanopulos 2019 yil may oyida Nyu-York orqali AQSHga qonuniy ravishda kirgan. Biroq u vizasi muddati tugaganidan keyin mamlakatni tark etmagan.

Vazirlikning bildirishicha, Yanopulos immigratsiya bo‘yicha sud majlisiga kelmagan. Shu sababli joriy yilning 22 iyul kuni immigratsiya sudyasi uni AQSHdan chiqarib yuborish to‘g‘risida yakuniy qaror qabul qilgan. U deportatsiya qilinishiga qadar Immigratsiya va bojxona nazorati xizmati hibsxonasida qoladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Yanopulos o‘zining o‘ng qanot qarashlari, islomga qarshi bayonotlari va AQSHda immigratsiya nazoratini kuchaytirishni qo‘llab-quvvatlashi bilan tanilgan.

U 2025 yil iyun oyida Kaliforniyada supermarketlar, yoqilg‘i quyish shoxobchalari, savdo markazlari va davlat binolari oldida Immigratsiya va bojxona nazorati xizmati nazorat punktlarini tashkil etish hamda AQSHda qonuniy yashayotganini tasdiqlay olmaydiganlarni joyida deportatsiya qilish kerakligini yozgan.

Ma’lumot uchun, Maylo Yanopulos 1984 yilda Buyuk Britaniyada tug‘ilgan. U jurnalist, siyosiy sharhlovchi va publitsist sifatida tanilgan. Yanopulos o‘ta o‘ng qanot qarashlari, feminizm va islomga qarshi keskin bayonotlari bilan mashhur bo‘lgan. 2014–2017 yillarda “Breitbart News” nashrida muharrir bo‘lib ishlagan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing