Britaniyalik mulozimlar Xitoy razvedkasiga maxfiy ma’lumotlarni sotgan – “Times”
Olam
−
23 avgust 2023
3323Britaniya rasmiylari besh yil davomida LinkedIn ijtimoiy tarmog‘ida soxta akkauntlardan foydalangan xitoylik josusga maxfiy ma’lumotlarni sotgan. Bu haqda “The Times” gazetasi xabar berdi.
Aytilishicha, xitoylik razvedka xodimi odamlar va kompaniyalarning bir nechta soxta akkauntlarini yaratgan va ijtimoiy tarmoq orqali Qurolli kuchlar, ilmiy-texnika sohalarida ishlovchi Britaniya rasmiylari bilan bog‘langan. Robin Chjan, Robin Kao, Erik Kim taxalluslari ostida yashiringan josus Londondagi yetakchi universitetlardan birida ta’lim olganini da’vo qilgan. U LinkedIn’dagi soxta sahifalari uchun boshqa odamlarning suratlaridan foydalangan.
Manbaga ko‘ra, razvedkachi avvaliga ma’lum bir shaxsdan o‘zining kasbiy qiziqishlari sohasi bo‘yicha maslahat so‘ragan, biroq keyin maxfiy ma’lumotlar yoki hujjatlarni taqdim etish uchun katta miqdorda pul berishni va’da qilgan. Shunday qilib, u Buyuk Britaniya razvedka xizmatlaridagi har bir yangi xodim haqida ma’lumot olish uchun kadrlar bo‘limi xodimiga 8000 funt sterling (10 000 dollar) taklif qilgan. Shuningdek, u sobiq harbiy razvedka zobitiga qirollikning terrorizmga qarshi faoliyati haqidagi ma’lumot uchun katta mablag‘ va’da qilgan.
Britaniya Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Tom Tugendhat nafaqat davlat xizmatchilarini, balki nozik tijorat ma’lumotlariga ega bo‘lgan korxonalar, olimlar va tadqiqotchilarni ham ehtiyot bo‘lishga chaqirgan. Uning ta’kidlashicha, Xitoy razvedkasi Britaniya fuqarolari ustidan josuslik qilish uchun LinkedIn ijtimoiy tarmog‘idan faol foydalana boshlagan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Rossiya va Xitoy xakerlari 2021 yilda Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligining ichki tizimiga, xususan, elchilar va diplomatlar o‘rtasidagi yozishmalarga kirish imkoniga ega bo‘lgani xabar qilingandi.
LiveBarchasi