Britaniyalik investorlar O‘zbekiston yevrobondlarining asosiy xaridori bo‘ldi
Jamiyat
−
14 fevral 2019
7169O‘zbekiston o‘z tarixida ilk bor 1 mlrd dollarga teng yevrobondlarini chiqardi. Bu haqda Moliya vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston chiqargan yevrobondlar qimmatli qog‘ozlarning kuponli daromad keltiruvchi turiga mansub. Ya’ni, obligatsiya egasi daromadini avvaldan belgilangan foiz hisobida oladi.
O‘zbekiston 500 mln dollarga teng 5 yillik yevroobligatsiyalarni sotib olgan investorlarga yiliga 4,75 foiz, 10 yillik yevroobligatsiyalarni sotib olganlarga yiliga 5,375 foiz to‘lov to‘laydi.
London fond birjasi ma’lumotlariga ko‘ra, qarz obligatsiyalarini qaytarish muddati 2024-2029 yillarning fevral oyiga belgilangan.
Dastlab kuponlarning hajmi mos ravishda 5,625−5,75 foiz va 6 foiz etib belgilangan. Biroq talabning yuqoriligi sababli O‘zbekiston foizlarni qayta ko‘rib chiqib, 4,75 va 5,375 foizda to‘xtalgan.
Geografik tomondan qaraganda O‘zbekiston chiqargan 5 va 10 yillik yevrobondlarinining 39 va 32 foizini Buyuk Britaniyada bo‘lgan investorlar xarid qilgan. Amerikalik investorlar 23 va 31 foiz, Yevropa kontinentidan bo‘lgan investorlar 32 va 27 foiz, Osiyo, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika mamlakatlari esa 6 va 10 foiz obligatsiyalarni sotib olgan.
Yevrobondlarning asosiy xaridorlari fond boshqaruvchilari (75-78 foiz), sug‘urta kompaniyalari (20 foiz), pensiya jamg‘armalari (16 foiz), bank va xususiy banklar (5 va 6 foiz) bo‘lgan.
Avvalroq, O‘zbekiston Moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov “Bloomberg” nashriga bergan intervyusida mamlakatning yevroobligatsiyalar chiqarishdan asosiy maqsadini ma’lum qilgani haqida xabar bergan edik.
LiveBarchasi