Britaniyada uch qizning qotili 52 yilga qamaldi
Olam
−
24 yanvar 2025 6427 2 daqiqa
Liverpul Qirollik sudi Aksel Rudakubanani Sautport shahri chekkasida uch yosh qizni o‘ldirganlikda ayblab, 52 yillik qamoq jazosiga hukm qildi. Bu haqda kecha, 23 yanvar kuni Buyuk Britaniya Bosh prokuraturasiga tayanib, BBC xabar berdi.
Rudakubana qizlarni o‘ldirishdan tashqari yana 13 ta jinoyatda aybdor deb topildi. Xususan, bu yana o‘n kishini, jumladan sakkiz bolani o‘ldirishga urinish, shuningdek, ritsin ishlab chiqarish va “Al-Qoida” terrorchilik tashkiloti uchun o‘quv qo‘llanmasini saqlashdir.
Joriy yilning 20 yanvar kuni hodisa yuzasidan sud jarayoni bo‘lib o‘tdi. Hukm e’lon qilinishiga marhuma qizlarning 40 ga yaqin qarindoshi yig‘ilgan. O‘smir o‘ziga qo‘yilgan barcha ayblovlarni tan oldi. Biroq Rudakubana bolalar raqs klubiga hujumdan ko‘p o‘tmay, qilgan ishlari bilan maqtangani ma’lum bo‘ldi. Xususan, u bu bolalar o‘lganidan juda xursand ekanini aytdi va qurbonlardan biri yetti yoshga to‘lmaganiga ahamiyat bermasligini ta’kidladi.

Ayblanuvchi, kelib chiqishi ruandalik o‘smir jinoyat sodir etgan vaqtda 17 yoshda bo‘lgani sababli, u to‘liq jazo ololmaydi. Shuning uchun sud uni tayinlash uchun mumkin bo‘lgan 52 yildan tergov davomida hibsda bo‘lish muddatini olib tashlab, 51 yil 190 kunga ozodlikdan mahrum qildi. Sudyaning so‘zlariga ko‘ra, yigitning qachonlardir ozod etilishi dargumon.
Sautportdagi Leyboristlar deputati Patrik Xerli davlat prokuraturasi direktoridan hukmni “asossiz darajada yengil jazo” deb qayta ko‘rib chiqishni so‘radi va jazoning yetarli darajada og‘ir emasligini ta’kidladi.
“Bugun chiqarilgan hukm yetarlicha og‘ir emas, sodir etilgan jinoyatlar uchun jazo yetarlicha uzun emas. Qurbonlar va ularning oila a’zolari uchun dahshatli tushdek bo‘lgan bu jinoyatning og‘irligini aks ettiruvchi hukm kerak. Men Bosh prokurorga hukmni qayta ko‘rib chiqish so‘rovi bilan murojaat qildim”, degan deputat.
Ma’lumot uchun, jinoyatchi 2024 yilning 29 iyul kuni Hart Space Studious bolalar raqs studiyasiga pichoq bilan hujum qilgandi. Hujum oqibatida uch qiz halok bo‘lgandi. Qo‘shni Benks shahrida yashovchi 17 yoshli o‘smir Aksel Rudakubana hujumda gumonlanib hibsga olingandi. Avgust oyida u 18 yoshga to‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, bolalar studiyasiga qilingan hujumdan so‘ng 31 iyul kuni Britaniyaning Sautport shahrida o‘ng qanot ekstremistlar tartibsizlik keltirib chiqargandi va oqibatda 39 nafar politsiyachi jarohat olgandi. Ulardan 27 nafari shifoxonaga yotqizilgandi.
Live
Barchasi