Britaniyada xalq migrantlarga qarshi bosh ko‘tardi (video)
Olam
−
17:17 2388 2 daqiqa
Kecha, 9 iyun kunt sudanlik migrant Britaniyaning Belfast shahrida 40 yoshli erkakka pichoq bilan hujum qildi. Shundan so‘ng mamlakatning turli hududlarida mahalliy aholining ommaviy norozilik namoyishlari boshlanib ketdi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Qayd etilishicha, Belfast ko‘chalaridan birida 30 yoshli Sudan fuqarosi oshxona pichog‘i bilan 40 yoshli erkakka hujum qilgan. Yo‘lovchilar uni to‘xtatib qolishga uringan, biroq u erkakning boshi, bo‘yni va orqa qismiga og‘ir shikast yetkazishga ulgurgan. Qo‘lga olinganidan so‘ng, migrantga qotillikka urinish, o‘ldirish bilan tahdid qilish va jamoat joyida sovuq qurolga egalik qilish ayblovlari qo‘yildi. U 10 iyun kuni sud oldida javob beradi.
BBC xabariga ko‘ra, mazkur voqeadan so‘ng Shimoliy Irlandiya va Shotlandiyada migrantlarga qarshi norozilik namoyishlari avj olgan. Yuzlab namoyishchilar Glazgo markaziga yuzlarini to‘sgan holda to‘plangan. Ko‘pchilik Buyuk Britaniya bayroqlarini ko‘tarib, turli shiorlarni hayqirib aytgan. Shuningdek, o‘nlab namoyishchilar Edinburgdagi Muqaddas Andrey maydonida ham namoyish o‘tkazgan.
“Bu hodisa dushanba kuni Belfastda sodir etilgan pichoqli hujum munosabati bilan sudanlik migrantga qotillikka urinish aybi qo‘yilganidan keyin yuz berdi. 30 yoshli erkakka, shuningdek, jamoat joyida tig‘li yoki o‘tkir uchli buyumni saqlash va o‘ldirish bilan tahdid qilish ayblovlari ham qo‘yilgan.
Hujum qurboni ko‘zi, orqa qismi va yuzidan jarohat olgan. Politsiya gumonlanuvchini Sudan fuqarosi deb ta’rifladi”, deyiladi xabarda.
Ushbu voqealardan so‘ng Belfastda namoyishchilar to‘planib, chiqindi qutilariga o‘t qo‘ygan va avtobusni yoqib yuborgan. Keyinchalik butun Shotlandiya va Buyuk Britaniyaning qolgan hududlarida ham ko‘plab namoyishlar boshlanib ketgan.

“Euronews”ning yozishicha, Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer hujumni qoralab, uni “jirkanch” deb atagan, biroq “mamlakat ko‘chalarida bu kabi dahshatli zo‘ravonlik sahnalariga aslo toqat qilmasligini” bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Hindiston poytaxti Nyu-Dehli markazida o‘zini “Tarakanlar” partiyasi deb atayotgan harakatning yuzlab tarafdorlari ilk yirik namoyishga chiqqandi.
Live
Barchasi