Britaniya “Tolibon” bilan ishlash shartini ma’lum qildi
Olam
−
14 iyul 2021
7980Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi agar “Tolibon” harakati jangarilari va ularning rahbarlari “balaklavalarini yechib”, Afg‘oniston hukumatiga tinch yo‘l bilan kirsa, ushbu tashkilot bilan ishlashga tayyorligini e’lon qildi. Bu haqda Buyuk Britaniya Mudofaa vaziri Ben Uolles ma’lum qilgan.
“Hukumatda qanday kuchlar bo‘lmasin, agar ular aniq xalqaro me’yorlarga rioya qilsa, unda Buyuk Britaniya Hukumati o‘zaro ta’sir ko‘rsatadi”, degan Uolles.
Britaniya hukumatiga ko‘ra Afg‘onistondagi fuqarolar urushini tinch yo‘l bilan hal qilish uchun pragmatik yondashuvdan foydalanish zarur.
“Davlat qurilishi mablag‘ va qo‘llab-quvvatlashni talab qiladi”, degan Uolles “Tolibon”ning xalqaro miqyosda tan olinishi istagiga ishora qilib.
Avvalroq, “Tolibon” Afg‘onistonda sulhga erishish shartini ma’lum qilib, buning uchun tomonlar siyosiy kelishuvga erishishi kerakligini ta’kidlagandi.
Qo‘shni Afg‘onistondagi keskinlik
Afg‘onistondagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat joriy yilning aprelida AQSH Prezidenti Jo Baydenning respublikada Amerika qurolli kuchlarining operatsiyasi yakuniga yetganini e’lon qilganidan so‘ng, ancha yomonlashdi.
Joriy yilning 6 iyul holatiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar o‘z qo‘shinlarining 90 foizidan ko‘prog‘ini Afg‘onistondan olib chiqib ketib bo‘ldi. Bu jarayon 31 avgustga qadar yakunlanishi kutilmoqda. Shtatlar kabi NATOning boshqa a’zolari ham Afg‘onistonni tark etmoqda. Jumladan, Italiya, Avstraliya va Germaniya kuchlari, allaqachon, mamlakatdan chiqib ketgan.
Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi fonida “Tolibon” harakati mamlakat hududlari ustidan nazoratni o‘rnatish maqsadida hujumlarni kuchaytirmoqda. Toliblarning ta’kidlashicha, ular ayni paytda Afg‘onistonning 85 foizini nazorat qilmoqda. Bundan tashqari, harakat kuchlari bir qator qo‘shni davlatlar — Turkmaniston, Tojikiston, Eron va Pokiston bilan chegarada joylashgan nazorat punktlarini ham egallab olgan. Rasmiy Kobul harakat tarafdorlariga qarshi qarshi hujumlarni rejalashtirmoqda.
LiveBarchasi