Britaniya taqiqqa uchrayotgan AstraZeneca vaksinasini maqtab chiqdi

Olam

image
0:00
0:00
download

Buyuk Britaniya Sog‘liqni saqlash vaziri Mett Xenkok AstraZeneca shved-ingliz farmatsevtika kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan koronavirusga qarshi vaksinaning xavfsiz ekanini aytdi.

Vazirga ko‘ra, nazorat organlari vaksinadan foydalanishning barcha oqibatlarini kuzatib bormoqda. 

"AstraZeneca va Oksford universiteti vaksinasi xavfsizdir va biz bilamizki, mamlakatimizda u bilan 10 milliondan ortiq odam emlanadi. Biz uning ta’sirlarini har doim baholab boramiz. AstraZeneca va Oksford universiteti vaksinasi hozirda Buyuk Britaniyada ko‘pchilikning hayotini saqlab qolmoqda, u bilan emlanish uchun yozilgan bo‘lsangiz, emlaning", degan Xenkok. 

Shuningdek, u vaksinaga bo‘lgan kunlik talab juda katta ekanini va bu preparatga bo‘lgan ishtiyoq juda yuqori ekanini ta’kidlagan. 

Ma’lumot o‘rnida, ko‘plab Yevropa mamlakatlari AstraZeneca vaksinasidan foydalanishni to‘liq yoki qisman to‘xtatganini e’lon qilgan. Shvetsiya, Germaniya, Fransiya, Italiya, Ispaniya, Sloveniya, Portugaliya, Kipr, Niderlandiya, Avstriya, Daniya, Estoniya, Latviya, Litva, Bolgariya, Irlandiya, Lyuksemburg, Norvegiya va Islandiya ham shular jumlasidandir. 

Yevropadan tashqarida vaksinadan foydalanish Indoneziya, Kongo Demokratik Respublikasi, Tailand va Janubiy Afrikada to‘xtatilgan. 

Ushbu vaksina bilan ommaviy emlashlar boshlangandan so‘ng, emlanganlar orasida shifoxonaga yotqizilganlar va o‘lim holatlari qayd etilgan. 

O‘lim holatlarini o‘rgangan shifokorlar ushbu vaksina bilan emlanganlarda qon quyqalari hosil bo‘lganini aniqlagan. 

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonga ham 660 ming doza COVID-19 ga qarshi AstraZeneca vaksinasi olib kelingan.


Maqola muallifi

Teglar

vaktsina koronavirus

Baholaganlar

92

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing