Britaniya Rossiyaning pulidan Ukrainaga yordam jo‘natdi
Olam
−
04 Sentabr 2025 3656 2 daqiqa
Buyuk Britaniya Ukrainaga Rossiyaning muzlatilgan aktivlari hisobidan 1,3 mlrd dollarlik qurol yetkazib berdi. Bu haqda kecha, 3 sentyabr kuni Britaniya Mudofaa vaziri Jon Xili Ukrainaga tashrifi chog‘ida so‘z ochdi.
Vazir Ukraina uchun qurol va boshqa harbiy yordam to‘lovlari Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan olingan daromadlar hisobiga amalga oshirilganini ma’lum qilgan. Britaniya hukumatining rasmiy saytida ta’kidlanishicha, umumiy yordam hajmi 1,3 mlrd dollardan oshgan.
Mazkur mablag‘ evaziga yuz minglab artilleriya snaryadlari, yuzlab zenit raketalari, harbiy texnika ehtiyot qismlari yetkazib berilgan. Shuningdek, uskunalarni ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatish uchun yangi shartnomalar tuzishga ham mablag‘ sarflangan.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi 50 kun ichida Ukraina 4,7 mln dona o‘q-dori, 60 ming artilleriya snaryadi, 2,5 mingdan ortiq dron, 200 ta radioelektron kurash tizimi, 100 ta yengil qurol va 30 ta avtomobil olgan. Jon Xilining ma’lum qilishicha, 2025 yilda Buyuk Britaniya Ukrainaga jami 5,8 mlrd dollar funt sterlinglik harbiy yordam ajratgan.
Kiyevdagi tashrifi davomida Jon Xili 30 dan ortiq mamlakat ishtirok etgan “ko‘ngillilar koalitsiyasi” onlayn yig‘ilishida ham hamraislardan biri sifatida qatnashgan. Unda ehtimoliy tinchlik kelishuvi imzolanishiga harbiylarni Ukrainada joylashtirish masalasi muhokama qilingan. Xilining so‘zlariga ko‘ra, Buyuk Britaniya armiyasining tayyorgarlik darajasini qayta ko‘rib chiqmoqda va moliyalashtirishni tezlashtirmoqda, shunda mamlakat istalgan paytda kuchlarini Ukrainaga yuborishi mumkin bo‘ladi.
Ma’lumki, Ukrainada urush boshlanganidan beri G‘arb davlatlari qariyb 300 mlrd dollarlik Rossiya aktivlarini muzlatib qo‘ygan, ularning uchdan bir qismi Belgiya depozitariysi Euroclear’da saqlanmoqda. AQSH, Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniya Ukrainaga Rossiya aktivlaridan tushgan daromad hisobidan kredit ko‘rinishida bir necha marta mablag‘ ajratgan.
Joriy yilning mart oyida Buyuk Britaniya muzlatilgan Rossiya aktivlaridan tushgan daromad evaziga Ukrainaga ilk bor 970 mln dollar yo‘naltirgandi.
Kreml esa Ukrainaga Rossiya aktivlaridan foydalanib, mablag‘ ajratish og‘ir oqibatlarga olib kelishini aytadi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi esa xorijdagi aktivlardan foydalanishning har qanday harakatini “o‘g‘irlik” deb baholashini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Britaniya hukumati Rossiya va u bilan aloqa qilgan bir qancha tashkilot, shaxs, kompaniya, fondlarga sanksiyalar e’lon qilgandi. Ular orasida Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning onasi Aymani Qodirova va u boshqaradigan Ahmad Hoji Qodirov nomidagi fond ham bor.
Live
Barchasi