Britaniya Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini qaytarmoqchi emas

Olam

image

Buyuk Britaniya Rossiya Federatsiyasining muzlatilgan davlat aktivlarini Moskva Ukrainaga yetkazilgan zarar uchun tovon to‘lashga rozi bo‘lmaguncha qaytarmaydi. Bu haqda kecha, 25 may kuni Britaniya rasmiylariga tayanib, “The Guardian” nashri xabar berdi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Buyuk Britaniya rasmiylari Yevropa Ittifoqidagi hamkasblari bilan birgalikda Rossiya davlat aktivlarini musodara qilish imkoniyatini muhokama qilmoqda, biroq bu masala bo‘yicha hali qaror qabul qilinmagan. Hukmron Konservativ partiyaning ayrim a’zolari, muxolifatdagi Leyboristlar partiyasi vakillari va Ukraina hukumati o‘tgan yili 26 milliard funt sterlingga (joriy kurs bo‘yicha 32 milliard dollar) baholangan Rossiyaning Buyuk Britaniyadagi aktivlari to‘liq musodara qilinishi va mojarodan keyin mamlakatni tiklash uchun ularni to‘g‘ridan-to‘g‘ri Kiyevga o‘tkazish tarafdori.

Shu bilan birga, nashr ta’kidlaganidek, G‘arbda muqobil, "yuridik nuqtai nazardan kamroq xavfli" strategiya tobora ommalashib bormoqda, unga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasi Ukrainaga kompensatsiya to‘lashga rozi bo‘lgunga qadar G‘arb davlatlari Rossiya aktivlarini ushlab turadi. “The Guardian”ning qo‘shimcha qilishicha, Britaniya hukumati xalqaro moliya tizimini falaj qiladigan va Buyuk Britaniyaga qarshi chora-tadbirlarni qo‘zg‘atuvchi pretsedent yaratishdan qo‘rqib, Rossiya Federatsiyasi Markaziy bankining qirollikda joylashtirilgan mablag‘larini ekspropriatsiya qilish majburiyatini olishdan bosh tortmoqda.  

Joriy yilning 23 may kuni Britaniya parlamenti Jamoalar palatasining Xalqaro aloqalar qo‘mitasi ekspertlar darajasida Ukrainani urushdan keyingi rekonstruksiya qilish masalasini muhokama qildi. Oksford universitetining xalqaro ommaviy huquq professori, xalqaro ommaviy huquq bo‘yicha mutaxassis Antonios Sanakopulosning ta’kidlashicha, Rossiya davlat aktivlarini musodara qilish, ularni muzlatishdan farqli o‘laroq, xalqaro huquqning buzilishi bo‘ladi, chunki Rossiya Federatsiyasining suveren aktivlari immunitetga ega. Shu bilan birga, unga ko‘ra, Rossiya aktivlarini muzlatish haqidagi qaror vaqtinchalik bo‘lishi kerak.

Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Leo Docherti 18 may kuni Buyuk Britaniya va uning ittifoqchilari Rossiya Federatsiyasining muzlatilgan mablag‘larini milliy qonunchilik va xalqaro huquq normalariga rioya qilish uchun Ukrainaga o‘tkazish g‘oyasini o‘rganayotganini aytdi. Uning eslatishicha, “Yettilik” davlatlari yetakchilarining fevral va aprel oylarida e’lon qilingan qo‘shma bayonotlarida Ukraina hududiy yaxlitligi tiklanmaguncha Rossiya muzlatilgan aktivlardan foydalana olmasligi aytilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Buyuk Britaniya Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing