Britaniya oliy o‘quv yurtlari bankrotlik yoqasida – OAV

Olam

image

Britaniya universitetlari rahbarlari mamlakatdagi oliy ta’lim sohasida moliyaviy inqiroz yuzaga kelayotganidan ogohlantirmoqda. Yangi ma’lumotlar xorijlik talabalar sonining keskin kamayganini ko‘rsatyapti, bu esa oliy o‘quv yurtlarini daromadlarining salmoqli qismidan mahrum qilmoqda va ularning kelajagini xavf ostiga qo‘ymoqda. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.

OTM rektorlari hukumatni Kir Starmer davrida xorijlik talabalarning o‘qish to‘lovidan undiriladigan yig‘imni qayta ko‘rib chiqishga chaqirgan, oliy ta’lim ishlari bo‘yicha sobiq vazir esa universitetlardan birini bankrot bo‘lish xavfi borligidan ogohlantirgan.

Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, iyul oyi oxiriga kelib talabalik vizalariga topshirilgan arizalar soni o‘tgan yilga nisbatan 11 foizga kamaygan. Yozgi arizalar o‘quv yili boshlangunga qadar topshirilganligi sababli, ba’zi oliy o‘quv yurtlari xorijlik talabalarni o‘qishga qabul qilish ko‘rsatkichi 30 foizgacha tushib ketishidan xavotirda. 

“Har beshta xorijlik talaba universitetdagi bitta ish o‘rniga ta’sir qiladi. Va bu kamayayotgan raqamlar muqarrar ravishda oliy o‘quv yurtlarining moliyaviy ahvoliga va xodimlar shtatiga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi”, deydi London Qirollik kolleji rektori professor Shitij Kapur.

Britaniyalik talabalar uchun o‘qish to‘lovi miqdori 2017 yildan 2025 yilgacha 9 250 funt sterling darajasida muzlatib qo‘yilgani, inflyatsiya esa bu summani taxminan uchdan bir qismga qadrsizlantirgani muammoni yanada og‘irlashtirmoqda. Shu bilan birga, to‘lovlarning keyingi oshirilishi har bir xorijlik talabadan undiriladigan 925 funt miqdoridagi yangi yig‘im sababli o‘z qimmatini yo‘qotadi.

Oliy ta’lim ishlari bo‘yicha sobiq konservativ vazir Devid Uilletts oliy o‘quv yurtlari aynan o‘qish to‘lovlarining ko‘p yillik muzlatilishi sababli ortib borayotgan moliyaviy bosim ostida ekanini tasdiqlagan va universitetlardan qaysidir biri bankrot bo‘lishi mumkinligini istisno etmagan. Russell Group tarkibiga kiruvchi oliy o‘quv yurtlaridan biri – Ekseter universiteti – Kornuolldagi Penrin kampusida geografiya kurslarini, shu jumladan bu yil hujjat topshirgan abituriyentlar uchun mo‘ljallangan kurslarni bekor qilishini e’lon qilib bo‘lgan.

Russell Group rahbari Libbi Xakett ketma-ket kelgan hukumatlarning bir qator ommabop bo‘lmagan qarorlari, shu jumladan xorijlik talabalardan olinadigan yig‘im, Britaniya oliy ta’limining jahon bozoridagi obro‘siga putur yetkazayotganidan ogohlantirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, xorijlik talabalar sonining kamayishi sababli Buyuk Britaniya allaqachon qariyb 3 milliard funt iqtisodiy foydadan mahrum bo‘lgan. Universities UK rahbari Viven Stern vizalar bo‘yicha ma’lumotlarni hukumat uchun ofat signali deb atagan va hukumatni xorijliklarning o‘qish to‘loviga soliq solish g‘oyasidan voz kechishga chaqirgan. Kasb-hunarga o‘rgatish masalalari bo‘yicha vazir Jeki Smit bunga javoban rasmiylar kelajakda o‘qish to‘lovining oshishini ta’lim sifati bilan bog‘lamoqchi ekanini aytgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing