Britaniya monarxlari pul tejash uchun Viktoriya poyezdidan voz kechyapti
Olam
−
02 iyul 5418 2 daqiqa
Britaniya qirollik oilasi a’zolari harakatlanib kelgan temiryo‘l tarkibi 2027 yilga borib foydalanishdan chiqariladi. Bu choralar sarf-xarajatlarni qisqartirish doirasida amalga oshirilmoqda. Bu haqda Bukingem saroyi e’loniga tayanib, BBC xabar berdi.
BBC’ning qirollik oilasi bo‘yicha muxbiri Shon Koflanning yozishicha, bu e’lon qirollik saroyi moliyasi bo‘yicha yillik hisobot bilan bir paytda taqdim etilgan. Unda aytilishicha, joriy yilning fevral oyida Glostershirdan Staffordshirga, keyin Londonga qirollik poyezdi orqali ikki kun davom etgan safar 44 ming funt sterlingdan ko‘proqqa tushgan.
Qirol Charlz III va qirollik oilasining boshqa a’zolari mamlakat bo‘ylab sayohat qilishda oddiy yo‘lovchi poyezdlar va ikki vertolyotdan foydalanishda davom etadi.
Qayd etilishicha, to‘qqizta vagondan iborat qirollik poyezdi foydalanishdan chiqarilgach, jamoatchilikka namoyish etilishi mumkin. Qirollik saroyi moliyasiga mas’ul bo‘lgan Jeyms Chalmers poyezd o‘n yillar davomida milliy hayotning bir qismi bo‘lib kelganini aytib, “endi u bilan iliq xayrlashish vaqti keldi”, deya ta’kidlagan.

Ma’lumot uchun, ushbu temiryo‘l tarkibi qirol Charlz III’ning katta buvilaridan biri bo‘lgan qirolicha Viktoriya davridan beri foydalanib kelingan. Aynan u 1869 yilda ilk vagonlarga buyurtma bergan edi. Hozirda qirollik poyezdi to‘qqiz vagondan iborat bo‘lib, oxirgi vagon unga 1986 yilda qo‘shilgan. 2024 yil davomida poyezd atigi ikki marotaba ishlatilgan va ushbu safarlar jami 80 ming funt sterlingga tushgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2020 yilda qirollik oilasi vakili vazifalarini bajarishdan voz kechgan Britaniya qiroli Charlz III ning kenja o‘g‘li shahzoda Garri BBC’ga bergan intervyusida oilasi bilan yarashishni istayotganini ma’lum qilgandi.