Shahzoda Garri qirollik oilasiga qaytmoqchi
Olam
−
03 may 7540 2 daqiqa
Britaniya qiroli Charlz III ning kenja o‘g‘li shahzoda Garri qirollik oilasi bilan yarashishni istayotganini ma’lum qildi. Bu haqda u Buyuk Britaniya apellyatsiya sudi davlat himoyasini ta’minlash haqidagi da’vosini rad etgach, BBC’ga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Shahzoda intervyuda sud qarori uning oilasi bilan Buyuk Britaniyaga qaytishi imkonsizligini anglatishini ta’kidlagan.
“Hozirgi bosqichda xotinim va farzandlarimni Buyuk Britaniyaga olib borishim mumkin bo‘lgan vaziyatni tasavvur qila olmayman”, degan u.
Shuningdek, u otasi – qirol Charlz hozirda u bilan gaplashishni istamayotganini ham aytgan.
“Davlat himoyasi masalasidagi voqealar tufayli u mendan butunlay yuz o‘girgan”, deydi Garri.
Biroq shahzoda oilasi bilan yarashishni istashini bildirgan.
“O‘zimni to‘liq kechirishga majbur qildim. Oilamdagi ba’zi a’zolar bilan jiddiy kelishmovchiliklarimiz bo‘ldi. Ammo men yarashishni istayman. Urushishga endi zarurat yo‘q – hayot juda qisqa”, degan u.
Ma’lumot uchun, so‘nggi ommaviy so‘rovlar natijalariga ko‘ra, Garri va uning rafiqasi Megan Markl Buyuk Britaniya qirollik oilasining eng mashhur bo‘lmagan uch a’zosidan biri sifatida baholanmoqda. Bu asosan, ularning Britaniya monarxiyasiga qarshi intervyulari va shahzodaning avtobiografik kitobi “Spare”dagi tanqidlari bilan bog‘liq.
Eslatib o‘tamiz, 2020 yilda shahzoda Garri rasman qirollik oialsi vakili vazifalarini bajarishdan voz kechgan. Shundan so‘ng Buyuk Britaniya hukumati uni davlat himoyasidan mahrum qilgan. Garri bunga qarshi chiqib, oilasi xavfsizligini o‘z hisobidan ta’minlay olmasligini aytgan va qirollik oilasi bilan bo‘lgan nizolar tufayli xavfsizlik xavflari borligini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, aynan qirollik oilasining bosimi ostida hukumat undan himoyani olib tashlagan.