Britaniya Markaziy Osiyodagi shaxslarga sanksiya kiritdi
Olam
−
20 avgust 2025 8872 1 daqiqa
Buyuk Britaniya Rossiyaga qarshi sanksiyalar doirasida “qora ro‘yxatga” yana uch jismoniy shaxs va beshta tashkilotni qo‘shdi. Bu haqda hukumat saytida xabar berildi.
Ro‘yxatga Rossiya va Qirg‘izistonda ro‘yxatdan o‘tgan Grinex kriptobirjasi, Qirg‘izistonning “Kapital Bank”i, Bishkekdagi “TengriCoin” va “Old Vektor” kompaniyalari kiritilgan.
Jismoniy shaxslar orasida A7A5 rahbari Leonid Shumakov, Qirg‘iziston Adliya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, OAO “Torgovaya kompaniya KR” rahbari bo‘lgan Janishbek o‘g‘li Nazarbek, shuningdek, “Kapital Bank” boshqaruvi raisi Kantemir Chalbayev bor.
Bundan tashqari, sanksiyalarga Lyuksemburgda joylashgan Altair Holding SA investitsiya fondi ham tushgan. U rivojlanayotgan bozorlardagi innovatsion kompaniyalarga sarmoya kiritish bilan shug‘ullanadi.
Britaniya oxirgi marta sanksiyalar ro‘yxatini 18 iyul kuni kengaytirgan edi. O‘shanda 22 kishi ro‘yxatga kiritilgan.
Rossiya hukumati bunday choralarni noqonuniy deb hisoblaydi va ularning bekor qilinishini talab qilib keladi. Kreml esa mamlakat G‘arb sanksiyalari sharoitida “ma’lum immunitet hosil qilganini” va “moslashib bo‘lganini” ta’kidlaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropa Ittifoqi Rossiyaning Ukrainaga qarshi davom etayotgan agressiv urushi munosabati bilan 18-sanksiyalar paketiga kelishib olgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi