Britaniya qo‘shinlarining katta qismi Afg‘onistonni tark etgan — Jonson
Olam
−
09 iyul 2021
2748Buyuk Britaniya qo‘shinlarining aksariyati allaqachon Afg‘oniston hududini tark etgan. Bu haqda Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “The Guardian” nashri.
Bosh vazir ma’lum sabablarga ko‘ra Britaniya kuchlarini olib chiqish jadvalini oshkor qila olmasligini ta’kidlagan.
“Afg‘onistondagi NATO missiyasida xizmat qilgan barcha ingliz harbiylari uyga qaytmoqda”, degan Jonson qirollik Afg‘onistonni qo‘llab-quvvatlashda davom etishini ta’kidlab.
Shuningdek, Britaniya hukumati rahbari Buyuk Britaniyaning Afg‘onistondagi harbiy harakatlari 2014 yilda yakunlanganini eslatgan. Keyinchalik, Britaniya kuchlarining muhim qismi mamlakatni tark etgan va boshqa vazifalar qolgan 750 askarga yuklangan.
Avvalroq, Angliya Afg‘onistonda kichik harbiy kontingentini saqlab qolish niyatida ekanini ma’lum qilgandik. Britaniya o‘z harbiylarini qoldirgan taqdirda ularning vazifasi afg‘onistonlik hamkasblarini o‘qitish va afg‘on armiyasi saflarida maslahatchi sifatida xizmat qilishdan iborat bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, AQSH joriy yilning may oyidan o‘z qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqa boshladi. Xabarlarga ko‘ra, rasmiy Vashington shu vaqtga qadar 90 foiz harbiy kontingentini olib chiqqan. Rejaga ko‘ra, Amerika Afg‘onistonni tark etish jarayonini joriy yilning 31 avgustiga qadar yakunlamoqchi. Italiya va Germaniya esa Afg‘onistonni butunlay tark etishga ulgurgan.
Qayd etish kerakki, Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov AQSH qo‘shinlarining Afg‘onistondan olib chiqilishini Vashingtonning “missiya muvaffaqiyatsizligini” tan olishi, deb hisoblashini ma’lum qilgan.
Ma’lumot o‘rnida, AQSH va uning boshchiligidagi harbiy ittifoq — NATO kuchlari 2001 yilning oktyabr oyida Afg‘onistonga qo‘shin kiritgandi. Bunga 2001 yilning 11 sentyabrida Amerikada amalga oshirilgan terrorchilik harakatlari sabab bo‘lgan.
LiveBarchasi