Britaniya Eronning kamikadze dronlar ishlab chiqaruvchisiga sanksiya joriy qildi
Olam
−
21 Oktabr 2022
4018Buyuk Britaniya Eronning “Shahed” dronlarini ishlab chiqaruvchi Shahed Aviation Industries kompaniyasiga, shuningdek, Eronning bir qator yuqori martabali mudofaa amaldorlariga nisbatan sanksiyalar joriy qildi. Bu haqda Britaniya hukumati saytida yangilangan sanksiyalar ro‘yxatida aytilgan.
Eron Qurolli Kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i, Ta’minot, tadqiqot va sanoat xizmati boshlig‘i general-mayor Muhammad Bag‘iriy, Eron Mudofaa vazirligi, brigada generali Sayyid Xojatulloh Qurayshi, shuningdek, Islom inqilobi posbonlari korpusi Aerokosmik kuchlari (IIPK, Eron Qurolli Kuchlarining elita bo‘linmalari) qo‘mondonligi boshlig‘i, dronlar bilan operatsiyalar uchun mas’ul, brigadir General Said Og‘ajoniyga nisbatan Buyuk Britaniyaga kirishni taqiqlash va agar topilsa, aktivlarni muzlatib qo‘yishni nazarda tutuvchi cheklovchi choralar qo‘llanildi.
Kecha, 20 oktyabr kuni ertalab Britaniya Mudofaa vaziri Ben Uolles Eron Rossiyaga uchuvchisiz uchoqlar yetkazib berayotganini aytgandi. O‘z navbatida, Eronning BMTdagi doimiy vakili Amid Said Iravoniy Tehron Rossiyaga Ukrainadagi mojaroda foydalanish uchun dronlar bergani haqidagi ayblovlarni qat’iyan rad etishini ta’kidladi. Rossiya Federatsiyasining BMTdagi doimiy vakilining birinchi o‘rinbosari Dmitriy Polyanskiy ham bunday ayblovlarni rad etdi.
Eslatib o‘tamiz, 17 oktyabr kuni Ukraina hududi bo‘ylab Kiyevga uyushtirilgan dronlar hujumlari hamda Dnepr va Sumi viloyatlariga raketa zarbalaridan so‘ng havo ogohlantirishi e’lon qilindi. Ukraina poytaxtida havo hujumi 3 soat 8 daqiqa davom etdi, yangi zarbalar soat 9:31 da berildi. Erta tongda signal qabul qilingani sababli, dushanba kuni Kiyevdagi barcha ta’lim muassasalari masofaviy ish rejimiga o‘tkazildi.
LiveBarchasi