YeI Eron dronlarini Rossiyaga yetkazayotganlarga sanksiya kiritdi
Olam
−
20 Oktabr 2022
4649YeI elchilari bugun, 20 oktyabr kuni Eronning uchuvchisiz uchish apparatlarini Rossiyaga yetkazib bergani uchun mas’ul bo‘lgan uch shaxs va bir tashkilotga nisbatan sanksiyalar joriy etishga kelishib oldilar. Bu haqda YeIga raislik qilayotgan Chexiya tomoni Twitter’da xabar berdi.
“Yevropa Ittifoqi mamlakatlari elchilari Ukrainaga zarbalar berish uchun [foydalanilayotgan] Eron dronlarini yetkazib beruvchi tashkilotlarga qarshi choralar bo‘yicha kelishib oldilar”, deyiladi bayonotda.
Qayd etilishicha, cheklovlar uchta shaxs va bir tashkilotga taalluqlidir. Ular bugun tushdan Yevropa Ittifoqining rasmiy jurnalida chop etilganidan keyin kuchga kiradi.
Chexiya raisligi sanksiyalar rekord muddatda kelishilganini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 19 oktyabr kuni Ukraina Oliy Radasi bayonot qabul qilib, hukumatni Eron bilan diplomatik munosabatlarni uzish va Tehron bilan imzolangan vizani liberallashtirish bo‘yicha kelishuvlarni bekor qilish uchun tartiblarni boshlashga chaqirdi.
Avgust oyida “The Washington Post” gazetasi Eron Rossiyaga o‘z dronlarini yetkazib berayotgani haqida maqola chop etgan edi. Keyinchalik shunga o‘xshash bayonotlar Amerika ma’muriyati vakillari tomonidan qilingan.
Rossiya Federatsiyasi Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov bu ma’lumotni soxta deb atadi. Shuningdek, u Rossiyada mahalliy ishlab chiqarilgan uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalanishini ta’kidladi. O‘z navbatida, Eron Tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyn sentyabr oxirida Tehron Ukrainadagi mojaroda qatnashayotgan tomonlardan hech birini qo‘llab-quvvatlamasligini va Kiyevga ham, Moskvaga ham chet el qurollari yetkazib berilishiga qarshi ekanini aytdi.
LiveBarchasi