Britaniya chegara ustidan nazorat yo‘qolganini tan oldi 

Olam

image

Britaniya Ichki ishlar vaziri Shabana Mahmud migratsiya inqirozi ortida mamlakat o‘z chegaralari ustidan nazoratni yo‘qotganini tan oldi. Bu haqda u bugun, 15 oktyabr kuni Londonda Britaniya, Yevropa Ittifoqi va G‘arbiy Balqon davlatlari vakillarining noqonuniy migratsiyaga qarshi kurash masalalari bo‘yicha uchrashuvida so‘z ochdi.

Shabana Mahmudning bildirishicha, agar siyosatchilar chegaralar ustidan nazoratni tiklay olmasa, Yevropa davlatlarida jamoatchilikning hukumatga bo‘lgan ishonchi jiddiy ravishda pasayishi mumkin.

“Financial Times” nashrining yozishicha, Britaniya Ichki ishlar vazirining bu bayonoti keyingi oylarda so‘rovlarda yetakchilik qilayotgan Nayjel Faraj rahbarligidagi “Buyuk Britaniyani isloh qilish” o‘ng partiyasining ommaviy qo‘llovi fonida berilgan. Shu sababli hokimiyatdagi leyboristlar hukumati migratsiya masalasida o‘z pozitsiyasini keskinlashtirishga harakat qilmoqda.

Qayd etish joiz, noqonuniy muhojirlar ko‘p hollarda Britaniyaga yetib borish va qochqin maqomini olish uchun har qanday imkoniyatdan foydalanmoqda. Bu maqom ularga moliyaviy yordam va ijtimoiy dasturlardan foydalanish imkonini beradi. 2024 yilda 36,8 mingdan ortiq noqonuniy muhojir La-Mansh bo‘g‘ozi orqali qayiqlarda Britaniyaga kelgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan chorakka ko‘p. Rekord ko‘rsatkich 2022 yilda qayd etilgan bo‘lib, o‘shanda mamlakatga 45,7 mingdan ziyod muhojir kirib kelgan. Britaniya hukumati har kuni minglab funt sterling sarflab, boshpana so‘rovchilarini mehmonxonalarda joylashtirmoqda.

Milliy statistika boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil iyunidan 2024 yil iyunigacha mamlakatga kelgan migrantlar sof oqimi 728 ming kishini tashkil etgan. Bir yil avval bu ko‘rsatkich 906 mingni tashkil etgan bo‘lsa, Britaniya YeIdan chiqishidan avval yillik ko‘rsatkich taxminan 250 ming atrofida bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Ichki xavfsizlik departamenti 2024 yilning oktyabridan joriy yilning sentyabrigacha bo‘lgan davrda AQSH chegarachilari AQSH-Meksika chegarasini noqonuniy kesib o‘tishga urinish bilan bog‘liq deyarli 238 mingta holatni qayd etgani haqida xabar bergan edi. Bu 1970 yildan beri eng past ko‘rsatkich bo‘lib, o‘shanda taxminan 202 mingta shunday urinish qayd etilgan.

Mohichehra Qadamova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Evropa Ittifoqi chegara Britaniya Shabana Mahmud

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing