“Britancha” koronavirusni aniqlash jarayoni qanday kechdi? Vazirlik ma’lumot berdi

Jamiyat

image

Avvalroq, dunyoda tezlik bilan tarqalayotgan koronavirusning “britancha shtammi” O‘zbekistonda ham aniqlangani haqida xabar bergan edik.

Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazi direktori o‘rinbosari, professor Alisher Abdullayev koronavirusning “britancha shtamm”ni aniqlash jarayoni haqida ma’lumot berdi.

“Britancha shtamm”ni genetik aniqlash jarayoniga taxminan 5 kun vaqt sarflandi. Bu jarayon anchayin murakkab bo‘lib, har bir bosqichini alohida nazorat qilish talab etiladi. Ta’kidlash joizki, ushbu usul, ya’ni maxsus praymerlar markazimiz olimlari tomonidan mustaqil ravishda yaratilgan.

Shu kungacha markazimiz tomonidan “Britaniya shtammi” mavjudligi ehtimoli bo‘lgan COVID-19 virusi aniqlangan 33 nafar bemorning burun bo‘shlig‘idan olingan surtmalar tekshirildi”, degan Alisher Abdullayev

Birinchi bosqichda barcha taqdim etilgan namunalarning koronavirus RNKsi DNK shaklga o‘tkazilgan. Sababi, virus RNK shaklda bo‘lib, u bilan ishlash uchun uni avval DNK shaklga o‘tkazish talab etiladi.

Ikkinchi bosqich – Real Time PCR reaksiyasi yordamida “britancha shtamm”ning marker mutatsiyasi skriningi o‘tkazilgan.

“Bu usul ham bizning olimlarimiz tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, ilk bor real bemorlar tahlilida qo‘llanildi. Bir paytning o‘zida bu usulni optimallashtirishimizga to‘g‘ri keldi va bir qator takror tajribalar o‘tkazib, xatoga yo‘l qo‘ymaganimizni tekshirdik. Aynan mana shu bosqichda biz shubhali namunani aniqladik, ammo mazkur namununada “britancha shtamm”ga xos bo‘lgan qator boshqa mutatsiyalar ham mavjud ekaniga ishonch hosil qilishimiz kerak edi”, degan mutaxassis so‘zida davom etib.

So‘ngra namuna sekvenlashga (genlarning DNK ketma-ketligini aniqlashga) tayyorlangan. Buning uchun koronavirus genomi uchastkalari sun’iy sharoitda ko‘paytirilib, tozalangan. 

Alisher Abdullayevga ko‘ra, bu eng qiyin jarayon hisoblanadi, negaki bir qator reaksiyalar qo‘lda amalga oshiriladi. Keyin esa DNKning qayta ishlangan va tayyorlangan bo‘laklari apparatga – sekvenatorga joylangan va bevosita genetik tahlili qilingan.

Sekvenlash ishlari SeqStudio (Applied Biosystems, USA) gen analizatorida amalga oshirilgan. Mazkur uskuna markaz tomondan bir necha oy avval aynan koronavirusning genetik ketma-ketligini aniqlash maqsadida xarid qilingandi. “Britancha shtamm”ni aniqlash uchun virus shtammining ORF1ab kodlangan hududi mutatsiyalari va S geni mutatsiyalari maqsadli uchastka sifatida tanlab olingan.

“Shu o‘rinda biz bitta emas, balki har bir mutatsiya uchun alohida tahlillar o‘tkazganimizni ta’kidlash joiz. Bu sinovlar ilk bora amalga oshirilayotgani uchun xatoga yo‘l qo‘ymaslik o‘ta muhimligini e’tiborga olish lozim.

Va so‘nggi bosqich, bu – natijalarni kompyuterda qayta ishlab, xalqaro ma’lumotlar bazasidagi ketma-ketliklar bilan solishtirish bo‘ldi. "Britancha shtamm"ga xos qator mutatsiyalar mavjudligi tasdiqlanganidan keyingina, ma’lumotlar Sog‘liqni saqlash vazirligiga taqdim etildi”, deydi Alisher Abdullayev.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda virus oilasi bilan Dubayga borib kelgan 10 yoshli qizda aniqlandi. U joriy yilning 23 yanvarida Toshkentga qaytgan.


Maqola muallifi

Teglar

Koronavirus O'zbekistonda

Baholaganlar

332

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing