Braziliyada navbatdagi sog‘liqni saqlash vaziri Prezident qaysarligiga chidayolmadi va iste’foga chiqdi
Olam
−
16 may 2020
7457Lavozimni bir oydan kam vaqt davomida egallab kelgan Braziliya sog‘liqni saqlash vaziri Nelson Teysh kecha, 15 may kuni iste’foga chiqdi. Bu haqda Braziliya ommaviy axborot vositalari xabar berdi.
Yaqinda Teysh va Braziliya Prezidenti Jair Bolsonaru o‘rtasida karantin choralari va bezgakka qarshi xloroxin preparatini COVID-19 ga qarshi davolashda qo‘llash borasida kelishmovchilik yuzaga keldi. Bolsonaru bir qator tibbiy tadqiqotlar ushbu dorining samarasizligini ko‘rsatganiga qaramay, xloroxinni qo‘llashni qo‘llab-quvvatladi.
Bundan avval, koronavirus xavfiga ishonmaydigan Braziliyaning injiq Prezidenti avvalgi sog‘liqni saqlash vaziri Enrike Mandetta bilan koronavirus borasida tortishib qolgan edi. Shundan so‘ng Bolsanaru joriy yilning 16 aprel kuni Enrike Mandettani ishdan bo‘shatgan edi.
Ma’lum qilinishicha, aprel oyida Braziliya Prezidenti Jair Bolsonaru odamlarga murojaatida koronavirus bilan bog‘liq cheklovlarni ochiq tanqid qilib chiqqan. Hozirgacha u xavfsizlik choralarini e’tiborsiz qoldirishda davom etmoqda. Xususan, u bir necha bor mamlakat poytaxti atrofida niqobsiz yurib, odamlar bilan quchoqlashib suratga tushgan.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Braziliyada koronavirus bilan bog‘liq 220 291 ta holat qayd etilgan. Kasallanganlarning 84 970 nafari sog‘aygan, 14 962 nafari esa vafot etgan. Mavjud bemorlar soni 120 359 tani tashkil qilmoqda.
LiveBarchasi