Braziliya Prezidenti politsiyani namoyishchilarga yordam berishda aybladi

Olam

image

Braziliya Prezidenti Luis Inatsiu Lula da Silva politsiya va harbiylarni sobiq davlat rahbari tarafdorlariga Milliy Kongress binosiga bostirib kirishiga yordam berganlikda aybladi. Ushbu ayblovni Lula da Silva viloyatlar gubernatorlari bilan uchrashuvda aytib o‘tgan.

“Olingan kadrlarda politsiya hujumchilar bilan qanday gaplashayotganini ko‘rish mumkin. Politsiya va namoyishchilar o‘rtasida aniq kelishuv bor edi”, deydi Prezident.

Shuningdek, Braziliya Prezidenti namoyishchilarni moliyalashtirish manbalarini tekshirishni va tartibsizliklarda ishtirok etganlarning barchasini jazolashni buyurganini ta’kidlagan.

“Braziliya politsiyasi hujum tahdidi haqidagi xabarlarga e’tibor bermadi. Razvedka ham bunga e’tibor bermadi”, deydi Lula da Silva.

Hozirda hukumat binolariga bostirib kirishda qatnashganlar soni 1800 nafarga yetgan.

Braziliyadagi tartibsizliklar

Braziliyada sobiq Prezident tarafdorlari tomonidan uyushtirilgan namoyishlar joriy yilning 8 yanvaridan buyon davom etib kelmoqda. Cobiq Prezident Bolsonaru tarafdorlari mamlakatda o‘tkazilgan saylov natijalarini bekor qilishni talab qilmoqda. Shundan so‘ng, poytaxtda favqulodda holat e’lon qilindi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, tartibsizliklarda 5 mingga yaqin odam qatnashgan. Hozirda Braziliyada tartibsizliklar chog‘ida jami 1,5 mingga yaqin odam hibsga olingan.

Qayd etish kerakki, dunyoning bir qancha davlatlar Prezidentlari amaldagi Prezident Luis Inatsiu Lula da Silvani qo‘llab-quvvatlamoqda. Jumladan, AQSH Prezidenti Jo Bayden Braziliyadagi tartibsizliklarni qoralab, Lula da Silvani Vashingtonga kelishini taklif qilgan. Shuningdek, Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi va Braziliyadagi tartibsizliklardan xavotirda ekanini hamda amaldagi hukumatni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini aytgan.

Bundan tashqari, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Anqara Braziliyada qonuniy yo‘l bilan saylangan Prezident Luis Inatsiu Lula da Silvaga nisbatan zo‘ravonlik harakatlarini qoralashini va bu mamlakat hukumati hamda xalqi bilan birdamligini bildirgan. 

10 yanvar kuni esa Braziliyada o‘tkazilayotgan namoyishlarga asosiy sabab bo‘lgan sobiq Prezident Jair Bolsonaru qorin sohasidagi og‘riq bilan AQSHdagi shifoxonalardan biriga yotqizilgan.

2022 yilning oktyabr oyida Braziliyada prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tgandi. Ikkinchi turda Da Silva 50,90 foiz ovoz bilan Prezident etib saylandi. 1 yanvar kuni poytaxtda mamlakatning saylangan Prezidenti Luis Inatsiu Lula da Silvaning inauguratsiyasi bo‘lib o‘tdi.


Maqola muallifi

Teglar

Braziliya tartibsizliklar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing