Bozorlarda 39 mingdan go‘sht bor, ammo u majburlab sottirilmoqda
Tahlil
−
15 iyul 2019
11076Yaqinda poytaxt Toshkent shahrida go‘sht narxi 60 ming so‘mga ko‘tarilib ketgani haqida xabarlar tarqaldi va odamlar orasida shov-shuvga sabab bo‘ldi. Shundan so‘ng, poytaxt ma’muriyati dehqon bozorlarida qishloq xo‘jalik mahsulotlari narxlari asossiz oshib ketishining oldini olish maqsadida shahar hokimining qaroriga asosan “Elga xizmat” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari tashkil etilganini ma’lum qildi.
“Elga xizmat” rastalarida mahsulotlar qolganlarga qaraganda arzonligi, asosiysi qo‘y va mol go‘shti 32000-36000 so‘mdan sotilayotgani aytildi.
QALAMPIR.UZ poytaxt bozorlaridagi narx-navo bilan qiziqib, qator yirik bozorlarni aylandi.
Toshkentning “Farhod” dehqon bozorini aylanib, guvoh bo‘ldikki, 1 kg mol go‘shtini 32 000-39 000 so‘mdan, qo‘y go‘shtini 32 000 so‘mdan xarid qilish mumkin. “Farhod” bozorida tovuq tuxumi donasi 300-570 so‘mdan, tovuq go‘shti esa turli qismlari 20 000 so‘mdan sotilyapti.
Poytaxtning odamlar eng gavjum “Chorsu” bozoridagi vaziyat biroz boshqacharoq. “Chorsu”da mol go‘shtining 1 kilogramini 32 000-42 000 so‘mdan sotib olish mumkin. “Chorsu”da go‘sht va yog‘larning muzlatgichdan tashqarida turganiga ham ko‘zimiz tushdi. Buni ko‘rib, bozorda sanitariya talablariga kim javobgarligi, qay darajada nazoratga olingani o‘ylantirib qo‘ydi. Axir, yozning chillasida go‘sht va yog‘lar juda tez sifatini yo‘qotadi.
“Chorsu ”dan keyin yo‘limiz nisbatan batartib, odam ham kamroq “Chilonzor” dehqon bozoriga tushdi. U yerda ham boshqa bozorlardagidek ahvol. Mol go‘shti 32 000-39 000 so‘mdan, qo‘y go‘shti 39 000 so‘mdan sotilyapti. Tovuq go‘shtini 16 000-17 000 so‘mdan xarid qilish mumkin.
Toshkentdagi “Yunusobod”, “Tansiqboyev” dehqon bozorlarida ham 1 kg go‘sht narxi 39 000 ming so‘mdan sotilyapti.
Biroq aylanib chiqqan bozorlarimizning birontasida suyaksiz sifati hamin qadar go‘sht ko‘rmadik. Tadbirkorlar tomonidan 39 000 so‘mdan sotilayotgan go‘shtlarga esa 300-350 gramm keladigan suyak qo‘shib berilyapti. Yirik bozorlarning birontasida lahm go‘sht ko‘rmaganimiz uchun hayron bo‘ldik. Shundan so‘ng tadbirkorlar sotayotgan go‘sht bilan “Elga xizmat”da sotilayotgan go‘shtning sifatida farq bor-yo‘qligini bilishga harakat qildik.
“Elga xizmat”dagi sotuvchilardan biri go‘shtlarning sifati bir xilligini faqat ularga go‘sht maxsus qushxonalardan olib kelib berilishini aytdi.
Tadbirkorlarga nega go‘shtni qimmat sotyapsizlar, ikkisi ham bir xilku deb savol berdik.
“Farhod” dehqon bozoridagi tadbirkorlardan biri shunday javob berdi:
“Aslida “Elga xizmat”da ham, bizda ham sotilayotgan go‘shtning 1 kg 41 000-42 000 so‘mdan so‘yilyapti. Bizni 39 000 so‘mdan sotasan deb, majburlashyapti. Shunga majbur bo‘lyapmiz”, dedi.
Boshqalar ham shunga o‘xshash javob berib, ularni kim majburlayotgani haqida hech nima demadi.
“Farhod” dehqon bozorining bozorqo‘mi tadbirkorlarning majburlash haqidagi gaplariga nisbatan ular 3-4 kun avval go‘sht 42 000 so‘mdan sotilayotgan vaqtga olgani uchun shunday deyotganini aytdi.
“Go‘shtni 42 000 so‘mdan olyapmiz deganlar 3-4 kun avval olgan. Buyruq ikki kun avval keldi. Shuning uchun ular go‘shtni 39 000 so‘mdan sotishga majbur bo‘ldi. Endi qushxonalar ularga go‘shtni arzon narxga beradi. Shunda ular ham zarar ko‘rmaydi”, dedi.
“Chilonzor” dehqon bozorida majburlash haqida gap-so‘z bo‘lmadi. Biroq u yerdagi tadbirkorlar ham “Elga xizmat”ga go‘sht maxsus joydan olib kelinishini aytdi.
Eng gavjum “Chorsu” dehqon bozorida 32 000 so‘mlik go‘shtni faqat bir joydan topa oldik. “Elga xizmat” bormi, tadbirkor bormi mol go‘shtini 39 000 so‘mdan sotyapti.
Bozorlarni aylanib shunga amin bo‘ldikki, narx-navoga arashashish davom etyapti. Tadbirkorlarning ishiga “burun suqulib”, narx sun’iy ravishda tushirilyapti. Balki odamlarga yaxshi bo‘lishi uchun shunday qilinayotgandir, ammo bunda bozor mexanizmiga putur yetishi mumkin. Odamlarga yaxshi qilaman deb, boshqa muammolarni keltirib chiqarish hech gap emas. Bozor iqtisodi qonunlariga ko‘ra, bozor o‘zini-o‘zi tartibga solishi kerak.
Narx-navo sun’iy tarzda ushlab turilgan bozorlardan keyin tobora keng quloch yozib borayotgan supermarketlardagi ahvol bilan tanishdik. Supermarketda ko‘nglingiz tusagan go‘shtni topishingiz mumkin. Ammo ularning narxiga qaragan odamning ko‘zi chiqay deydi. Molning old oyog‘i 48 290 so‘m (290 so‘m demay 300 deyaver, nomard, baribir 48 300 so‘m to‘lanadi-ku), son qismi 50 290 so‘m. Umuman olganda 59 000 so‘mgacha qiyma, lahm, qovurg‘a deysizmi baridan bor. Ammo ularni sotib olishga uncha-muncha odamning qurbi yetmaydi. “Otang bozor, onang bozor” deganlaridek o‘zbekka supermarket qimmatlik qilishiga ishonch hosil qildik.
Ammo bozordagi tadbirkorlarga so‘zini o‘tkazgan mas’ullarning supermarketga kelganda aytganini qildira olmaganiga qoyil qolmadik. Supermarketlarni joyingni olib qo‘yaman deb, qo‘rqitishning iloji yo‘q-da. Ularning ko‘plab advokatlari bor, o‘z huquqini yaxshi biladi, ularga “g‘ing” desa ishni sudga oshirib, mas’ullarning o‘zini tavbasiga tayantirishi hech gap emas. Hayf sizga mas’ullar issiqda bir so‘mini ikki so‘m qilish uchun tirishayotgan odamlarning savdosining “beliga tepganingiz” uchun. Kuchingiz yetsa, supermarket narxlarni ham 39 000 so‘m qilib qo‘yinglar-chi, ko‘raylik kuchingizni... Bu masalaga yondashuvda avvalgilardan qolgan an’anaga amal qilmay, mantiqliroq chora qo‘llash haqida o‘ylab ko‘rilmagan bo‘lsa ham kerak.
LiveBarchasi