Rossiya Xersondagi bozorni o‘qqa tutdi: olti kishi halok bo‘ldi
Olam
−
01 Oktabr
3193Rossiya Ukrainaning Xerson viloyati markazidagi bozor va jamoat transporti bekati yaqiniga artilleriyadan o‘q uzdi. Bu haqda Xerson viloyati prokuraturasi xabar berdi.
Hujum oqibatida 6 nafar tinch aholi halok bo‘lgan va yana olti nafari yaralangan. Bir kishi og‘ir ahvolda. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, zarbalar mahalliy vaqt bilan soat 9:00 da to‘p artilleriyasidan berilgan.
Avvalroq hujumda 7 nafar qurbon bo‘lgani haqida xabar berilgandi, biroq keyinroq prokuratura ulardan biri tirik ekanligi va o‘ta og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilganiga aniqlik kiritdi.
“Yana olti kishi jarohat oldi, ulardan besh nafari shifoxonada, qolgan bir kishiga voqea joyida tibbiy yordam ko‘rsatildi”, deb yozdi Xerson viloyati harbiy ma’muriyati rahbari Aleksandr Prokudin o‘zining Telegram-kanalida.
Otishma mahalliy bozor va jamoat transporti bekati yaqinida sodir bo‘lgan. Xerson aholisi ertalab oziq-ovqat sotib oladigan chakana savdo nuqtalari hujumga uchragan.
“Xerson tuman prokuraturasining protsessual rahbarligida urush qonunlari va urf-odatlarini buzish holatlari bo‘yicha jinoiy ish bo‘yicha sudgacha tergov harakatlari boshlandi”, deyiladi departament xabarida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning raketa zarbalari Ukraina shaharlaridagi asosiy nishonlarga, jumladan Kiyevdagi bolalar shifoxonasiga tekkandi. Oqibatda 20 kishi halok bo‘ldi, 50 dan ortiq kishi jarohatlandi. Kamdan kam uchraydigan bunday kunduzgi havo hujumi Kiyev, Dnepr, Krivoy Rog, Slavyansk va Kramatorsk kabi shaharlarda sodir bo‘lgan. Zarar ko‘rgan binolar orasida eng yirik bolalar tibbiyot markazi bo‘lgan Kiyevdagi Oxmatdit shifoxonasi ham bor. Shifoxona butun mamlakat bo‘ylab ko‘plab kasal bolalarni davolashda hal qiluvchi ahamiyatga ega.
LiveBarchasi