Bojxonachiga 9400 dollar pora bergan shaxs ushlandi

Jamiyat

image

4 milliard so‘mlik tovarlarni noqonuniy olib kirish uchun bojxona xodimiga 9400 AQSH dollari miqdorida pora berishga uringan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi Matbuot xizmati ma’lum qildi.

2020 yilning dekabr oyida bojxona xodimlaridan birining telefon raqamlarini topib qo‘ng‘iroq qiladi va uchrashib gaplashib olishni taklif qilgan.

Uchrashuvda esa ushbu shaxs tez kunlarda unga tegishli konteynerlar xorijdan yetib kelishini va mazkur konteynerlarni bojxona postiga o‘rnatilgan inspeksion ko‘rik majmuasi orqali skanerdan o‘tkazmaslikni hamda “Xavfni boshqarish tizimi”da xavf guruhiga kiritmaslikni so‘ragan va bojxona xodimiga pora taklif qilgan.

Bojxona xodimi bu taklif bo‘yicha rahbariyatni xabardor qilgan. Shundan so‘ng, pora taklif qilgan shaxsning jinoiy harakatlarini fosh qilishga qaratilgan reja-topshiriq ishlab chiqilgan.

2021 yil yanvar oyining boshlarida “tadbirkor” bojxona xodimiga jami 9400 AQSH dollari va 1 dona qimmatbaho qo‘l soatini pora tariqasida bergan. Tezkor tadbir aynan shu yerga kelganida tugatilishi mumkin edi, ammo bu vaqtda konteynerlar hali O‘zbekiston hududiga kirib kelmagani bois tezkor tadbirning ikkinchi bosqichiga start berilgan.

2021 yilning 14-15 yanvar kunlari kutilgan 3 ta konteyner “Chuqursoy texnik idora” chegara-bojxona posti orqali respublikamizga kirib kelgan va belgilangan tartibda inspeksion ko‘rik majmuasi orqali ko‘zdan kechirilgan.

Konteynerdagi yuklar bilan ularga tegishli hujjatlar o‘rtasida tafovutlar aniqlangan hamda chuqurlashtirilgan bojxona ko‘rigidan o‘tkazish belgilangan.

Yuklarni bojxonada rasmiylashtirish uchun yuk egalarining xohishiga binoan konteynerlar Farg‘ona viloyatidagi “Qo‘qon” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postiga yo‘naltirilgan. Ushbu postga yetgunga qadar konteynerlar bojxona plombalari bilan muhrlangan holatda bo‘ladi va ularni yo‘l davomida ochish mumkin emas.

Lekin konteynerlar Dang‘ara tumanidagi qishloqlardan biriga keltirilgach, ko‘zdan pana joyda ulardagi plombalarga shikast yetkazilmagan holatda ochiladi hamda konteynerdagi qiymati baland bo‘lgan tovarlar – velosipedlar va ularning ehtiyot qismlarini qiymati past bo‘lgan boshqa tovarlarga almashtirishayotgan vaqtda tezkor xodimlar tomonidan fosh qilingan.

Shuningdek, bu yerda konteynerning temir asoslarini kesib ochishda foydalanilgan moslamalar, bunda qirilgan va rangi ko‘chgan qismlarni bo‘yash uchun bo‘yoq va boshqa ashyoviy dalillar ham olingan.

Voqea joyida tezkor xodimlar tomonidan qiymati 4 mlrd. 160 mln. so‘mlik 2200 dona bolalar, 800 dona kattalar, 327 dona turli o‘lchamdagi velosiped tovarlari, velosiped ehtiyot qismlari va boshqa tovarlar, shuningdek, pora tariqasida taqdim qilingan 9400 AQSH dollari va 1 dona qo‘l soati holatga aniqlik kiritilgunga qadar huquqbuzarlik ashyosi sifatida vaqtincha saqlovga olingan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari davom ettirilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

korruptsiya

Baholaganlar

156

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing