Boysundagi kon hududida olovli maydonlar yuzaga kelganiga izoh berildi (video)
3-sahifa
−
20 yanvar 17173 2 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyatining Boysun tumanidagi “Kofrun” MFY hududida joylashgan “Mustaqillikning 25 yilligi” (M-25) koni joylashgan hududda olovli maydonlar yuzaga kelgani aks etgan video tarqaldi. Holat yuzasidan Energetika vazirligi munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, kon hududida hech qanday kutilmagan vaziyatlar yuzaga kelmagan. Bugungi kunda 2024 yilning sentyabr oyida metan emissiyasi sodir bo‘lgan quduq o‘rnida ob’ektni konservatsiya qilish bo‘yicha rejalashtirilgan ishlar olib borilmoqda va bu yerda doimiy monitoring yuritilyapti. 604-sonli quduqda tozalash ishlari olib borilayotganda quduqdan olis hududlarda yer yuzasiga yaqin joylashgan bo‘shliqlar va kollektorlardagi mikro yoriqlarda kichik hajmdagi gaz to‘plangan. Ayni paytda hududda kichik hajmda to‘plangan gazni yoqish orqali zararsizlantirish ishlari olib borilmoqda. Bundan ko‘zlangan maqsad kislotali gazlarning atmosferaga chiqishini oldini olishdan iborat.
Energetika vazirligining ta’kidlashicha, ushbu jarayon atrof-muhit ifloslanishining oldini olishda standart yondashuv hisoblanadi va xalqaro sanoat xavfsizligi talablariga to‘la javob beradi. Rejalashtirilgan konservatsiya va profilaktika ishlari mazkur texnologik jarayonning o‘ziga xos xususiyatlarini tushunmaydigan odamlar boshqacha talqin qilishi mumkin bo‘lgan bir qator operatsiyalardan iborat. Vazirlik bunga holat bo‘yicha tarqalgan videolavhani yaxshi misol bo‘la oladi, deya ko‘rsatgan.
Eslatib o‘tamiz, 1 sentyabr kuni “Mustaqillikning 25 yilligi” koniga qarashli 604-sonli quduqda burg‘ilash ishlari olib borilishi vaqtida texnologik jarayonning buzilishi oqibatida oltingugurt (vodorod sulfid) gazi chiqishi kuzatilgandi. Aholi xavfsizligini ta’minlash maqsadida kon yaqinida yashovchi fuqarolar xavfsiz hududga evakuatsiya qilingan. Shundan so‘ng, Bosh vazir o‘rinbosari va bir nechta mutasaddi rahbarlar konga yetib bordi. 14 sentyabr kuni taxminan soat 13:05 da minoradan chiqib turgan quvurning ustiga PVO (sizib chiqishga qarshi qurilma) o‘rnatilib, 15 sentyabr kuni to‘liq tizimni presslash jarayoni olib borilgan va shu kuni soat 16:40 da Barit nomli maxsus eritma yuborilgan va 16:50 da minoradan va chiqaruvchi uskunalardan gaz chiqishi to‘xtatilgandi. 18 sentyabr kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov hududdan yuqori konsentratsiyadagi vodorod sulfid chiqmayotganini aytdi va yuzaga kelgan vaziyat ishlab chiqarish bilan bog‘liq texnik holat ekanini ta’kidladi. Bosh prokuratura Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va o‘rmon xo‘jaligi sohasidagi qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi boshlig‘i O‘ktam O‘tayev esa holat ortidan 2 nafar shaxs vafot etganini aytgandi.
Live
Barchasi