Botanika bog‘i Toshkent hokimligiga berilyapti
Jamiyat
−
07 Oktabr 2023
4961Normativ-huquqiy hujjatlar loyihasini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimiga “Istirohat bog‘lari faoliyati va boshqaruv tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi hukumat qarori joylashtirildi. Ushbu rasmiy hujjat bilan Toshkent shahridagi Botanika bog‘ini Fanlar akademiyasi tasarrufidan poytaxt hokimligi tasarrufiga o‘tkazish belgilangan.
Bu esa, o‘z navbatida, jamoatchilik va Ekopartiya noroziligiga sabab bo‘ldi. Jumladan, Rasul Kusherbayev o‘z Telegram-kanalida hukumatning ushbu qaroriga munosabat bildirdi.
“Afsuski o‘tmishda Botanika bog‘i hududiga Toshkentning ko‘plab sobiq hokimlari ham ko‘z olaytirishgan.
Agar bog‘ hokimiyatga o‘tsa, u olimlar qaramog‘idagi tabiat dunyosi ob’ektidan, biznes ob’ektiga aylanadi. Va daraxtzor o‘rni qurilish maydoniga aylanadi. Chunki hokim va uning jamoasida bundan ortiq ish qilishga salohiyatning o‘zi yo‘q. Maqsad: “soqqa” qilish.
Biroq umid qilamanki, jamoatchilik bunga jim qarab turmaydi!” deb yozgan u.
O‘zbekiston Ekologik partiyasi ham mazkur holatga munosabat bildirib, yuqoridagi qaror loyihasida istirohat bog‘lari hududlarini savdo va pullik xizmatlar ko‘rsatish uchun ijaraga berish, attraksionlar o‘rnatish ko‘zda tutilayotgani, ushbu faoliyat esa, ilmiy muassasa sifatida tashkil etilgan Toshkent Botanika bog‘ida saqlanayotgan, dunyoning 5 qit’asidan keltirilgan, noyob bo‘lgan flora ob’ektlariga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatishini ma’lum qilgan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti huzuridagi Akademik F.N.Rusanov nomidagi Toshkent Botanika bog‘i 1950 yilda tashkil etilgan. Bugungi kunda bog‘dagi o‘simliklarning turlari genofondi, sonining xilma-xilligi, kolleksion turlar genofondi bo‘yicha Markaziy Osiyodagi yirik yagona bo‘lgan noyob ilmiy-unikal ob’ekt hisoblanadi.
Botanika bog‘i 2-3 yilda yana 200 dan ortiq yangi manzarali turlar bilan boyitilgan. Ayni paytda mazkur bog‘da 2450 dan ortiq gulli-manzarali daraxt va butalar hamda dorivor o‘simlik turlari mavjud.
Ayni paytda O‘zbekiston Ekologik partiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi nomidan Hukumatga deputatlik so‘rovi yuborilgan.
LiveBarchasi