Boshqirdistonda ommaviy tartibsizliklar bo‘ldi

Olam

image

Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi Boshqirdiston respublikasida ommaviy tartibsizliklar yuz berdi.  Baymak shahrida sodir bo‘lgan namoyishdan keyin Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining ikki moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Bu haqda Rossiya Tergov qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, mazkur holat yuzasidan ommaviy tartibsizliklar uyushtirish va hukumat vakiliga nisbatan zo‘ravonlik qilish moddalari bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.

Odamlar nega yig‘ilgandi?

Tergov qo‘mitasining xabar berishicha, ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarda Boshqirdiston aholisini Baymakskiy tuman sudi yaqinida norozilik aksiyasi tashkil etishga chaqiriqlar tarqalgan. To‘polonlarga terrorchilar va ekstremistlar ro‘yxatiga kiritilgan bloger Fail Alchinov ustidan o‘tkazilgan sud jarayoni sabab qilib keltirilmoqda. Muvofiqlashtirilmagan namoyish ishtirokchilari Alchinovni ozod qilishni talab qilgan. Namoyishchilar politsiya bilan to‘qnash kelgan.

“Zo‘ravonlik, jumladan, qurol sifatida foydalanilgan buyumlarni qo‘llash bilan kechgan ommaviy tartibsizliklar chog‘ida bir necha kishi, jumladan, huquq-tartibot idoralari xodimlari ham tan jarohati oldi”, deyiladi Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi xabarida.

Boshqirdiston politsiyasi tartibsizliklarni bostirish uchun ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va shovqinli granatalardan foydalangan. Respublika prokuraturasi Baymakdagi to‘qnashuvlar natijasida jabrlanganlar uchun ishonch telefoni tashkil qilgan.

Alchinov nega sudlandi?

Kecha, 17 yanvar kuni Baymak sudi Fail Alchinov ishi bo‘yicha hukm chiqardi. Unga nafrat va adovat qo‘zg‘atish moddasi bo‘yicha ayblov qo‘yilgan.

Ma’lum qilinishicha, 2023 yil 28 aprel kuni Alchinov qishloq madaniyat markazi yonidagi fuqarolar yig‘inida “arman, kavkazlik va markaziy osiyolik shaxslarga nisbatan salbiy mazmundagi” nutq so‘zlagan. O‘tgan yili u mintaqada oltin qazib olishga qarshi mitinglarda ham qatnashgan.

Tergovchilarning ta’kidlashicha, Alchinov konlarda ishlayotgan muhojirlarga qarshi gapirgan. Uning bayonotlari nafrat qo‘zg‘atish belgisi sifatida baholanib, Alchinov ekstremizmda ayblangan. Tilshunoslik tekshiruvi shuni ko‘rsatganki, u Boshqirdiston aholisiga nisbatan "qora xalq" iborasini qo‘llagan. Alchinov esa u bu bilan "oddiy odamlar" ni nazarda tutganini ta’kidlagan.

Avvaliga sud Alchinovga nisbatan hukmni 15 yanvar kuni e’lon qilishi kerak edi, biroq sud majlisi keyinga qoldirildi. U yopiq formatda o‘tkazildi.  

Sud binosi oldida bir necha ming kishi norozilik namoyishi o‘tkazdi. RIA Novosti xabariga ko‘ra, Baymakdagi tartibsizliklardan so‘ng 6 nafar shaxs hibsga olingan. Ufaning Kirovskiy tuman sudi ularning besh nafariga 10 kun, yana biriga 13 kun qamoq jazosi tayinladi.

Respublika sog‘liqni saqlash vazirligi to‘polonlardan jabrlanganlarga yordam ko‘rsatilayotganini, ularning hech biri shifoxonaga yotqizishni talab qilinmasligini bildirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya ommaviy tartibsizlik Boshqirdiston Fail Alchinov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing