...boshqa takrorlanmaydi deb kafolat berolmayman – xorazmlik vallomat (video)
Jamiyat
−
04 avgust 2019
12746Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida o‘tkazilgan videoselektrda Farg‘ona, Qashqadaryo va Xorazm hokimlari “snos”lar sababli keskin tanqid qilingani, hatto, hiyonatda ayblangani haqida xabar bergan edik.
Prezident tanbehidan keyin Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev rishtonliklardan kechirim so‘rab, masalaga qo‘l uchida qaragan mas’ullarning ishdan bo‘shatilganini ma’lum qildi.
Farg‘ona hokimidan keyin zum o‘tmay Qashqadaryo hokimi Zafar Ro‘ziyev ham kechirim so‘rab chiqdi. Ammo uning yuzaki taassufi va uzrini hokimlik vakillaridan boshqa hech kim eshitmadi, desa ham bo‘ladi.
Vanihoyat, Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov ham xalqdan uzr so‘rab, kelajakda yanada e’tiborli va ehtiyotkor bo‘lishini aytib chiqdi.
“Aziz eldoshlar, hurmatli Ashxobod mahallasi ahli, butun Xorazm viloyati jamoasi.
Bugun juda afsusda, iztirob bilan sizlarning oldingizda turibman. Sizlar bilan boshlagan ishimizning yakunida, biz o‘ylamay qilgan ishimiz natijasida, “Ashxobod” mahallasida yashayotgan juda ko‘p aholi xonadonlarini ko‘chiramiz, degan maqsadda sizlarning ko‘p aziyat chekishingiz, qiynalishingizga sababchi bo‘ldik.
Albatta, bu yerda men o‘zimni aybdor deb bilaman. Sababi agarda buni oldinroqdan rejalashtirib, hamma hisob-kitoblarini qilib, sizlar bilan hisoblashib qilganimizda bu voqealar bo‘lmas edi.
“Ashxobod” mahallasini sanoat zonasida joylashgan, hech qanday infratuzilmasi yo‘q, eski joylar ekanini ham bilamiz. Lekin biz tezroq bu joydan yaxshiroq sharoitga ko‘chiramiz, deb turib, o‘ylanmay bosgan qadamimiz natijasida “Ashxobod” mahallasida yashovchi ko‘pchilik xonadonlarimizga nafaqat moddiy, hatto sog‘ligiga ham zarar keltirdik.
Bugun sizlarning oldingizda turib, sizlardan kechirim so‘ramoqchiman. Bunday masalalarni o‘ylamasdan qilishning keyini nimaga olib kelishini biz ko‘rib, bilib, afsuslanib turibmiz.
Bu ishlar Prezidentimizning butun dunyoga eshiklarni ochib, iqtisodiyotni rivojlantirish uchun turli davlatlardan katta-katta investorlarni jalb qilgan holda, shu jumladan Xorazm viloyatini ham ijtimoiy-iqtisodiy dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan ishlar soyasida bu narsalarning kelib chiqishi, albatta, nafaqat Xorazm xalqimizga, shu jumladan Prezidentimizning olib borayotgan siyosatlariga ham qarshi bo‘lib turibdi.
Men ming afsusdaman. Ijtimoiy tarmoqlar orqali murojaatimdan bugungi kundagi olib borilayotgan siyosatlarni sidqidildan bajarish uchun, qolaversa oldimizga qo‘ygan vazifalarni to‘g‘ri, hamjihatlik bilan, xalq bilan hisoblashib, xalqni rozi qilib ishlash bilan ishni boshlashni ma’qul ko‘ramiz.
O‘z xalqining daxlsizligi, har xil narsalardan saqlash, uning moddiy ne’matlarini asrash – to‘g‘ridan to‘g‘ri viloyat hokimining vazifasiga kiradi. Lekin bugungi kunda mening qo‘l ostimdagi odamlar bilan qilgan ishlarimiz talabga umuman javob bermayotganidan dalolat berib turibdi.
Men yana bir marta “Ashxobod” mahallasi, butun Xorazm xalqidan kechirim so‘ramoqchimanki, sababi bunday ishlar nafaqat “Ashxobod” mahallasida, balki boshqa tumanlarda ham amalga oshmaydi, deb kafolat berishdan yiroqman.
Bugundan boshlab hamma qilgan ishlarimizni yana bir marta sarhisob qilib, xato joylari bo‘lsa, hammasini joy-joyiga qo‘yishga so‘z beraman.
“Ashxobod” mahallasida 394 ta xonadon bor edi. Bu 394 ta xonadon 19 gektar maydonga joylashgan edi. Bugun mana shu 394 ta xonadondan 78 xonadon egasi to‘liq hisob-kitob qilganimizdan so‘ng yashash uchun o‘zlarining uylari bor ekanini aytib, bu yerda uy qurmasligini bildirib, boshqa joylarga ketdilar. Qolgan 150 ta xonadonga namunaviy uy berganmiz. Qolgan xonadonlarni qishning sovuq kuniga qolmasdan hamjihatlikda tez uylariga ko‘chirib o‘tkazib, xalqni rozi qilsak, shunda gunohimizni yuvgan bo‘lamiz, deb o‘ylayman.
Prezidentimizdan, qolaversa butun elimdan Xorazm farzandi sifatida yana bir marta kechirim so‘ramoqchiman. Bundan keyin qilinadigan ishlarning hammasini birinchi xalq bilan, qolaversa yoshi ulug‘lar, oqsoqollar bilan bamaslahat qilaman, deb va’da beraman.
Shu bilan birgalikda, yo‘l qo‘yilgan xato-kamchiliklar uchun Xorazm viloyati sanoatni rivojlantirish, qurilish-kommunikatsiyalar bo‘yicha hokim muovini, shahar hokimining qurilish bo‘yicha muovini, shahar hokimiga xayfsan va prokurorga xayfsan berildi. Bu ishlarimizni yana davom qildiramiz, agar qayerdadir shunday kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan soha mutaxassislari bo‘lsa, juda qattiq kurashamiz.
Albatta, men bugun xalqimga so‘z beraman, Prezidentimga so‘z beraman, bundan keyin bunday ishlarni oqsoqollar bilan maslahatlashib qilsak, hamma ishning natijasi bo‘ladi. Sizlardan yana bir marta kechirim so‘rab, ishlarga muvaffaqiyat tilab, tezroq uy-joylarni bitirishga so‘z beramiz.
Xato qildik, buni tan olishimiz kerak. Sizlar bilan birinchi uchrashgan kunim ham kechirim so‘raganman. Birinchi ko‘rgandan kechiringlar, deganman. Lekin bugun rasman butun el, butun jamiyat bilishi kerak. Bizning xatomizni hamma tushunishi kerak. Ertaga boshqa viloyat hokimi xato qilmasin, boshqa tuman hokimi xato qilmasin. Xalqni norozi qilish nimaga olib kelishini hamma bilishi kerak”, degan Ermanov.
Eslatib o‘tamiz, “Ashxobod” mahallasining aholisi buzilgan uylari uchun kompensatsiya to‘lanmagani sababli ikki tumanni bog‘lovchi magistral yo‘lni berkitib qo‘ygandi.
LiveBarchasi