Senat “snos” bo‘yicha hokimlarning “qo‘lini kaltalatadigan” qonunni qaytarishi mumkin
Jamiyat
−
16 mart 2022
7478O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati hokimlarning o‘zboshimcha buz-buzlariga chek qo‘yish uchun ishlab chiqilgan “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunni qaytarishni rejalashtirmoqda. Bu haqda parlamentning Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev yozmoqda.
“Xavotirlarimiz asosli bo‘lib chiqmoqda: tarkibida ko‘plab hokimlar bo‘lgan Senat hokimlarning o‘zboshimchaligiga chek qo‘yadigan “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunni qaytarmoqchi ekan”, deydi Kusherboyev.
Deputatga ko‘ra, agar bu qonun kuchga kirsa hokimlar “snos” bahonasida biznes sub’ektlariga yerlarni bera olmay qolishadi.
“To‘g‘ri qonunda ba’zi kamchiliklar bo‘lishi mumkin, biroq bu bilan butun boshli qonunni qaytarish noto‘g‘ri, deb o‘ylaymiz. Hozircha asosli e’tiroz ham ko‘rmadik.
Biz bu qonunni qancha tez qabul qilsak antikonstitutsion va davlatchilik hurmatiga putur yetkazayotgan bir qator lobbistik qarorlar, shu jumladan ayrim hokimlar amal ham qilmaydigan hukumatning 911-sonli qarori bekor qilinishiga erishamiz.
Fuqarolarning noroziligiga sabab bo‘layotgan ushbu adolatsiz qarordan tezroq qutulishimiz kerak”, deydi Kusherboyev jon koyitib.
U so‘zida davom etib, senatorlarga murojaat qilgan va O‘zbekistonning xalqaro maydondagi imiji shu masalada achinarli ahvolda ekanini ta’kidlagan.
“Senatorlar esa unutmasin: Senat a’zosi bo‘lgan ko‘pgina hokimlarning o‘zboshimchaligi sabab O‘zbekiston “Hukumat sud qarorisiz va adolatli tovon pulisiz mulkni musodara qilmaslik" reytingida 139 ta davlat ichida 138 o‘rinda turibdi”, deydi quyi palata vakili.
Kusherboyev shuningdek, qonunni Senat ishtirokisiz ham Prezidentga yuborish mumkinligini eslatib qo‘ygan.
“Darvoqe, Senat qonunni qaytargan taqdirda ham Qonunchilik palatasining ko‘pchilik deputatlari qonunni qayta qabul qilsa, uni Senatga yubormay, to‘g‘ridan to‘g‘ri Prezidentga imzoga yuborishi mumkin. Balki shu huquqdan foydalanish vaqti kelgandir”, degan Rasul Kusherboyev.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 14 mart kuni Oliy Majlis Senati Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi "Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida"gi qonunni qayta ko‘rib chiqish to‘g‘risida qaror qabul qilgan.
LiveBarchasi