Bosh vazir So‘xdagi mojaroning tinchishida Shuhrat G‘aniyevning xizmatlarini alqadi
Jamiyat
−
03 iyun 2020
27326Avval xabar berganimizdek, bugun, 3 iyun kuni Xalq deputatlari So‘x tuman Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi va unda tumanning yangi hokimi tayinlandi. Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov ham ishtirok etib, nutq so‘zladi.
“Avvalambor Siz hurmatli So‘x tumani faollariga, Sizlarning timsoliningizda butun So‘x ahliga muhtaram Prezidentimiz, hurmatli Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning chuqur hurmat va ehtiromlarini yetkazaman.
Albatta, bir necha kun oldin chegara hududidagi bo‘lgan noxush holat ko‘p narsalarni qaytadan ko‘rib, qaytadan qarashga hammamizni majbur qildi. Bevosita Prezidentimizning topshiriqlari bilan men boshchiligimda vaziyatni o‘rganish uchun mutasaddi idoralar rahbarlari yetib kelishdi. Birinchi navbatda viloyat rahbari Shuhrat G‘aniyev va boshqa rahbarlar yetib kelib vaziyatni chuqurlashishiga yo‘l qo‘ymagan. Tinchlikni qadriga yetish bu juda katta baxt. Muhtaram Prezidentimizning chegaradosh hududlar bilan olib borayotgan yaxshi qo‘shnichilik siyosatlarini butun jahon e’tirof etib turibdi”, deydi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri.
Sessiyada xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlari, So‘x tumani hokimining o‘rinbosarlari, tumandagi davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, Farg‘ona viloyati hokimining ӯrinbosarlari, viloyat boshqarma va tashkilotlar rahbarlari, viloyat huquq-tartibot idoralari rahbarlari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi mas’ullari, Bosh vazir o‘rinbosarlari, respublika vazirlik va idora rahbarlari ham ishtirok etgan.
“Bizning oldimizda eng katta mas’uliyat turibdi – bu So‘x tumanidagi muammolarni hal etish va bevosita Prezidentimizning e’tiborlari asosida tumanni obod qilish. Buning uchun davlatimiz tomonidan barcha imkoniyatlar va sharoitlar yaratib beriladi. So‘x tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha davlat rahbarining qarorlari ham chiqqan va shu asosda tumanda tizimli ishlar olib borilishi lozim. Bu ishlarda saylanadagian yangi tuman hokimidan katta mas’uliyat talab etiladi”, deydi Aripov.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 31 may kuni Farg‘ona viloyatining So‘x tumanidagi Chashma qishlog‘i va Qirg‘izistonning Botken viloyatining Chechma qishlog‘i aholisi o‘rtasida to‘qnashuv yuz berdi. Keyinroq mojaro chegara hududidagi Chashma bulog‘i suvidan foydalanish ustida yuz bergani oydinlashdi.
Ikki o‘rtadagi janjalda O‘zbekistondan 187 kishi, Qirg‘izistondan 25 kishi jabrlandi. Har ikki tomondan bir nechta uyga o‘t qo‘yib yuborildi.
Yuz bergan to‘qnashuv bo‘yicha 1 iyun kuni O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov va Qirg‘iziston Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Kubatbek Boronov uchrashuv o‘tkazib, tergov harakatini birgalikda olib borishga va aybdorlarni jazolashga kelishib oldi.
LiveBarchasi