Bosh vazirdan iste’foga chiqishi talab qilinmoqda

Olam

image

Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson 2020 yil umummilliy lokdaun paytida Dauning-stritdagi ziyofatda qatnashgani uchun uzr so‘radi va buni “ish tadbiri” deb hisobladi.  

“Tadbirdagi ishtirokimga kelsak, yana bir bor aytmoqchimanki, men buni ish tadbiri deb o‘ylagandim. Buning uchun mas’uliyatni o‘z zimmamga olaman va uzr so‘rayman”, degan Jonson. 

Jonsonga ko‘ra, gap uning 2020 yil 20 mayda o‘tkazilgan tadbirdagi ishtiroki haqida ketmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuv Dauning-stritdagi hukumat qarorgohi bog‘ida bo‘lib o‘tgan, u ofis binolari tarkibiga kiradi. 

“2020 yil 20 may kuni soat 18:00 dan keyin xodimlar jamoasiga minnatdorchilik bildirish uchun ushbu bog‘ga bordim va 25 daqiqadan so‘ng ishni davom ettirish uchun ofisimga qaytdim, bu ish tadbiri ekaniga aminman”, degan Jonson. 

O‘z navbatida, Buyuk Britaniyaning muxolifatdagi Leyboristlar partiyasi rahbari Kir Stamer parlamentda Jonsonning iste’fosini talab qildi. 

“Bu uzr so‘rash mutlaqo befoyda. Sobiq Sog‘liqni saqlash vaziri qoidalarni buzgach, iste’foga chiqdi. Bosh vazir esa bu to‘g‘ri qaror ekanini aytdi. Bosh vazirning Matbuot kotibi ham qoidalar buzilganidan kulganida, iste’foga chiqdi va Bosh vazir bu iste’foni qabul qildi. Nega Bosh vazir bu qoidalar unga taalluqli emas, deb hisoblaydi?”, degan Stamer parlamentda. 

Ma’lumot o‘rnida, Jonson koronavirus tarqalishi sababli ommaviy yig‘ilishlar cheklab qo‘yilganiga qaramay, 2020 yilda Dauning-stritda kechalar o‘tkazganlikda ayblangan.


Maqola muallifi

Teglar

Britaniya Jonson

Baholaganlar

224

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing