Bosh vazir 13 kishini mehmon qilgani uchun jarimaga tortildi 

Olam

image
0:00
0:00
download

Norvegiya Bosh vaziri Erna Sulberg koronavirusga qarshi kurash uchun o‘rnatilgan cheklovlarni buzgani uchun 20 000 krona (2 352 dollar) jarimaga tortildi. Bu haqda mamlakat politsiyasi vakili Ule Severud ma’lum qilgan.  

Joriy yilning fevral oyi oxirida Sulberg 60 yoshga to‘lishini qarindoshlari bilan chang‘i kurortida ikki kun davomida nishonlagan. Birinchi kunda uning ziyofatiga 13 kishi yig‘ilgan, ammo Bosh vazirning o‘zi shifokor qabulida bo‘lgan. Ikkinchi kuni u va mehmonlari ijaraga olingan kvartirada bazmni davom ettirgan. 

Mamlakatda amalda bo‘lgan karantin qoidalariga ko‘ra, 10 kishidan ortiq odamlar jumoa bo‘lib bir joyda to‘planishi mumkin emas.  

Qoidabuzarliklar to‘g‘risidagi ma’lumotlar ommaviy axborot vositalariga mart oyida yetib kelganida, Sulberg ommaviy ravishda uzr so‘ragan. So‘ng unga qarshi tergov boshlangandi.  

"Politsiya odatda bunday qonunbuzarliklar uchun jarima solmasa ham, ushbu holat Bosh vazir uchun istisno qilingan", degan Severud. 

Politsiyaga ko‘ra, koronavirus bilan bog‘liq sanitariya talablari va cheklovlarni joriy etish yoki yumshatish bo‘yicha qarorni Bosh vazir qabul qiladi. Shuning uchun uning o‘zi boshqalarga o‘rnak bo‘lishi va qoidalarga amal qilishi kerak. 

"Qonun hamma uchun bir bo‘lsa-da, uning oldida hamma bir xil emas, jamoatchilik ishonchini saqlab qolish uchun unga jarima solish to‘g‘ri bo‘ladi", degan politsiya vakili. 

Politsiya ikkala bazmni ham Sulberg eri Sindre Finnes bilan birgalikda tashkil etganini aniqlagan. Biroq, Finnes va 13 kishini qabul qilgan restoran ham qonunni buzgan bo‘lishiga qaramay, ular jarimaga tortilmaydi. 

Ma’lumot o‘rnida, joriy yil boshida koronavirusning yangi shtammlari bilan kasallanish va yuqtirishning yangi holatlari ko‘payishi fonida Sulberg qat’iy cheklov choralarini ko‘rishni talab qilgan. U shu yilning sentyabr oyida parlament saylovlarida ishtirok etadi.


Maqola muallifi

Teglar

Bosh vazir Norvegiya

Baholaganlar

69

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing