Bosh prokuror Ortiqxo‘jayev masalasiga qaytdi
Jamiyat
−
18 dekabr 2019
27253Bugun "Qonun ustuvorligi va inson manfaatlarini ta’minlash - xalq farovonligi va davlat taraqqiyotining kafolati" mavzusida o‘tgan matbuot anjumanida QALAMPIR.UZ muxbiri Bahodir Ahmedov O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshevga yuzlanib, Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning joriy yilning nobyar oyida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan jurnalistlarga tahdid ko‘rinishidagi audioyozuviga nisbatan Bosh prokuraturaning e’lon qilgan bayonotiga to‘xtaldi va mavzu yuzasidan uning munosabatini so‘radi. Bosh prokuror ushbu savolga javob qaytararkan, mazkur masala bo‘yicha tergovga qadar tekshiruvlar o‘tkazilganini qayd etadi.
“Hammaga ochiq-oydin aytamizki, yozma tarzdagi shikoyatmi, arizami, bizga tushayotgan xabar bo‘ladimi, ijtimoiy tarmoqdagi xabarmi bularning barchasiga prokuratura o‘z munosabatini bildirib keladi. Barchasida tergovga qadar tekshiruvlar o‘tkazilib, qonuniy qaror qabul qilinadi. Va bu qarorlarni o‘z veb-saytlarimizda va sahifalarimizda ko‘rsatib boramiz.
Toshkent shahar xokimligidagi holat bo‘yicha ham o‘z munosabatimizni bildirib, zudlik bilan o‘z qarorimiz haqida barchaga ma’lum qilganmiz. Bu uzr so‘rash bilan yakunlanmaydi. Barcha harakatlarimiz qonunchilik asosida olib boriladi. Kimda qo‘shimcha savollar bo‘lsa sahifalarimizdan faoliyatimiz bilan tanishib borishi mumkin”, deydi Bosh prokuror.
Eslatib o‘tamiz, Bosh prokuratura Ortiqxo‘jayev mojarosi bo‘yicha “uning nojo‘ya so‘zlari umumiy tarzda aytilgani, muayyan shaxsga qaratilmaganligi, real tahdid yo‘qligi bois, Jahongir Ortiqxo‘jayevning harakatlarida jinoyat alomatlari mavjud emas.
Shu sababli JPKning 83-moddasi 2-qismiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish haqida qaror qabul qilindi”, deya bayonot bergan edi.