Bosh prokuratura o‘qituvchilarni himoya qilish bo‘yicha qonun ishlab chiqdi

Jamiyat

image

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi joylashtirildi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi tomonidan ishlab chiqilgan qonun MJTKga o‘qituvchilarning huquqlarini himoya qilishga doir o‘zgartirishlar kiritishni nazarda tutadi.

Loyihaga ko‘ra bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik, xususan bolalarning majburiy umumiy o‘rta ta’lim, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi olishiga ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan to‘sqinlik qilganlik uchun jarima miqdorini oshirish taklif etilmoqda.

Shunga ko‘ra, 47-moddaning:

birinchi qismining sanksiyasidagi “ikkidan bir qismidan uch baravarigacha” degan so‘zlar “bir baravaridan besh baravarigacha” degan so‘zlar bilan almashtiriladi;

ikkinchi qismining sanksiyasidagi “uch baravaridan besh baravarigacha” degan so‘zlar “besh baravaridan o‘n baravarigacha” degan so‘zlar bilan almashtiriladi;

uchinchi qismining sanksiyasidagi “besh baravaridan o‘n baravarigacha” degan so‘zlar “o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha” degan so‘zlar bilan almashtiriladi;

to‘rtinchi qismining sanksiyasidagi “o‘n baravaridan yigirma baravarigacha” degan so‘zlar “o‘n besh baravaridan yigirma besh baravarigacha” degan so‘zlar bilan almashtiriladi;

Shu bilan birga, loyihada Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ta’lim muassasasining pedagogik xodimi kasbiy faoliyatiga noqonuniy aralashganlik yoki uning xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilashni nazarda tutuvchi yangi modda kiritish nazarda tutilmoqda.

Quyidagi mazmundagi 197-5-modda bilan to‘ldiriladi:

“197-5-modda. Ta’lim muassasasining pedagogik xodimi kasbiy faoliyatiga noqonuniy aralashish yoki uning xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilish

Ta’lim muassasasining pedagogik xodimi kasbiy faoliyatiga noqonuniy aralashish yoki uning xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilish –

fuqarolarga eng kam ish haqining besh baravaridan yetti baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – yetti baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, –

fuqarolarga eng kam ish haqining yetti baravaridan o‘n baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi”;

Loyihada belgilanayotgan tartibga binoan ta’lim muassasalarining pedagogik xodimlari o‘z kasbiy faoliyatiga noqonuniy aralashgan yoki xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilgan shaxslar ustidan ma’muriy sudlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri ariza taqdim etish huquqiga ega bo‘ladilar.

283-modda quyidagi mazmundagi oltinchi qism bilan to‘ldiriladi:

“Ushbu Kodeksning 197-5-moddasida nazarda tutilgan ta’lim muassasasining pedagogik xodimi kasbiy faoliyatiga noqonuniy aralashilgan yoki uning xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilingan taqdirda, ta’lim muassasasining pedagogik xodimi ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuzmasdan o‘z arizasida huquqbuzarning shaxsi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni, ma’muriy huquqbuzarlik sodir etilgan joyni, vaqtni va bu huquqbuzarlikning mohiyatini, shuningdek ishni hal etish uchun zarur bo‘lgan boshqa ma’lumotlarni ko‘rsatgan holda sudga murojaat qilish huquqiga ega”;


Maqola muallifi

Teglar

qonun o'qituvchi

Baholaganlar

116

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing