O‘qituvchilar uchun yangi boshog‘riq: diplom oddiy qog‘ozga aylanadimi?
Jamiyat
−
16 aprel
62587Yangi O‘zbekiston o‘qituvchilarni paxta dalalaridan olib chiqdi, hokimlarning do‘q-po‘pisalaridan xalos etdi, qog‘ozbozlik ishlarini birmuncha yengillatdi. Ammo xursand bo‘lishga hali erta ko‘rinadi. Sentyabr oyidan boshlab chet tili sertifikatiga ega bo‘lmagan xorijiy til o‘qituvchilari 4 yillik mehnat evaziga olingan diplomi, ish tajribasi, malaka toifasidan qat’i nazar, maktabdan haydalishi mumkin. Sababi shundaki, o‘tgan haftada O‘zbekistondagi xorijiy til o‘qituvchilariga maktab direktorlari nomidan ogohlantirish xatlari yuborilgan.
“…Sizga shuni ma’lum qilamizki, 2024-2025 o‘quv yiliga qadar kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega bo‘lmasangiz, siz bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinishi haqida ogohlantiramiz”, deyiladi unda.
Bunga Vazirlar Mahkamasining "Xorijiy tillarni o‘rganishni samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi (2021 yil 19 may) qarori asos qilib olingan. Qarorda keltirilishicha, 2024-2025 o‘quv yiliga qadar umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan barcha xorijiy til o‘qituvchilari kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega bo‘lishi lozim. Qiziq tomoni shundaki, o‘qituvchilarning B2 darajali sertifikatdan-da qimmatliroq diplomi “yuqoridagilarni” qiziqtirmayapti.
Demak, Vazirlar Mahkamasi o‘z tarkibidagi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi talabalarga berayotgan diplomni tan olmaydi yoki uni yetarlicha kuchga ega emas, deb baholaydi. Aks holda, bir umrga amal qiladigan diplom qolib, “yaroqlilik muddati 2 yil bo‘lgan” sertifikatni ishdan ketish yoki qolish darajasidagi masalaga aylantirisharmidi?
“O‘zi eng kam ish haqini o‘qituvchi olsa…”
Negadir, bu safar ijtimoiy tarmoqlarda jimlik kuzatilmoqda. O‘z majburiyatiga kirmasa-da, berilgan topshiriqni so‘zsiz bajarib ko‘nikib ketgan o‘qituvchilar noroziligini keng jamoatchilik oldida emas, yopiq Telegram guruhlarida bildiryapti.
“4 yil o‘qidik, magistr uchun yana 2 yil. C1 – bu oddiy sertifikat. Bu ixtiyoriy bo‘lishi kerak, pul ishlash manbayi emas. Sertifikat diplomdan ustun bo‘lishi mumkinmi?... Va bu nega faqat chet tili o‘qituvchilarida? Hozir hamma fanda daraja sertifikat imtihoni bor, lekin ularda bu sertifikat natijasi ahamiyatsiz. Usiz ham diplom bilan bemalol ishlayveradi. Chet tili o‘qituvchilari esa busiz ishlolmaydi. Nega? Biz demokratik jamiyatning teng huquqli fuqarosimasmizmi?” deydi xorijiy til o‘qituvchisi.
Universitetda chet tilidan chuqurlashtirilgan holda bilim olgan pedagogga sertifikat qanchalik zarur, – degan savolga esa pedagoglardan biri shunday javob berdi:
“Boshlang‘ich sinflarga dars beradiganlarga C1 sertifikati shartmas, deb o‘ylayman. Ularda, asosan, bolalar bilan ishlash metodikasi kuchli bo‘lishi kerak. Tan olib aytamanki, mening C1 sertifikatim bo‘lgani bilan yosh o‘quvchilarga umuman dars o‘tish qobiliyatim yo‘q, sabrim ham yo‘q”.
Yana bir pedagog ta’lim sohasi xodimlariga eng kam maosh to‘lanishini, o‘sha maoshni olish uchun ham turli-tuman imtihondan o‘tkazilishini aytdi:
“O‘zi eng kam ish haqini o‘qituvchi olsa, shu eng kam ish haqiga ham mingta imtihon, mingta sinov, mingta chig‘iriqdan o‘tkazadi! 15-20 million so‘m oylik oladiganlarga hech qanday sinov yo‘q. Qishda ham, yozda ham konditsioner tagida o‘tirib olishyapti o‘sha bir necha o‘n millionlarni” .
Darhaqiqat, O‘zbekistonda eng kam ish haqi ta’lim sohasi xodimlariga to‘lanadi. Ularning maoshi 2023 yilda o‘rtacha 3,12 mln so‘mni tashkil etgan. Pedagoglarning oylik ish haqi o‘sish sur’ati sekinlashib, O‘zbekistondagi o‘rtacha ish haqiga nisbatan kamayib boryapti. Masalan, ta’lim sohasi xodimlari 2019 yilda O‘zbekistondagi o‘rtacha ish haqining 80 foizi miqdorida maosh olgan bo‘lsa, 2023 yilda bu ko‘rsatkich 68,6 foizga tushib ketdi.
Vazirlik qo‘ygan talab qonunga zid
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi o‘qituvchilarga B2 sertifikatini olish bo‘yicha qo‘yilgan talabni Vazirlar Mahkamasi qarori bilan izohladi. Ammo Vazirlar Mahkamasi qaroridan-da ustuvorroq bo‘lgan pedagoglar faoliyatini tartibga soluvchi qonunlar bor. Bular: "Pedagogning maqomi to‘g‘risida"gi qonun va O‘zbekistonning “Mehnat kodeksi”dir.
Ta’lim bo‘yicha ekspert Komil Jalilov o‘qituvchilarga qo‘yilgan talabni ham qonunga, ham mantiqqa zid ekanini tushuntirdi:
"Pedagogning maqomi to‘g‘risida"gi qonunda yozilgan: "Ta’lim tizimida ishlayotgan pedagogning kasbiy darajasiga doir talablar "Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatori"da hamda pedagogning kasbiy standartlarida belgilanadi" (3-modda). Endi "Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatori"ga qaraymiz (3730): Unda o‘qituvchiga qo‘yiladigan talab: bakalavriat yoki ayrim hollarda — o‘rta maxsus professional ta’lim va kasbiy tajriba. Ya’ni, davlat tomonidan tan olinadigan "o‘qituvchi" degan diplomi bor har qanday mutaxassis pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanishga haqli.
Holatning mantiqqa zidligiga to‘xtalsak, chet tili o‘qituvchisining qo‘lida oliy filologik ta’lim to‘g‘risida diplom bo‘ladi. Ya’ni, OTM uning xorijiy tilni C1 darajasida bilishini tasdiqlab, davlat tan oladigan diplom beryapti. Demak, davlat o‘z nomidan beriladigan diplomga ishonmayaptimi? O‘qituvchining qo‘lidagi diplomi "sertifikat bo‘lmasa haqiqiy emas" deydigan bironta huquqiy asos yo‘q-ku. Menimcha, Vazirlar Mahkamasi qarori bu bandining o‘zi qay darajada qonuniyligi ham bahsli masala”.
Shuningdek, ekspert Vazirlar Mahkamasi qarori qonundan ustun bo‘lolmasligini eslatib o‘tdi. Yana bir hujjat – “Mehnat kodeksi”ga ko‘ra, “xodimning malakasi yetarli bo‘lmaganligi sababli egallab turgan lavozimiga yoki bajarayotgan ishiga muvofiq emasligi” aniqlangan taqdirda, ish beruvchi tomonidan mehnat shartnomasi bekor qilinadi. Malakani belgilovchi hujjat – bu diplom. Bundan kelib chiqadiki na maktab direktori, na vazirlik xodimlari diplomli pedagogni sertifikat bahona ishdan haydash vakolatiga ega emas. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Vazirlar Mahkamasining qarorini bajaraman, deb qarordan ustuvor bo‘lgan qonunlarni unutgan ko‘rinadi.
Vazirlik holatni qanday izohlaydi?
5 aprel kuni Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi rasmiy sahifasida xorijiy tillar o‘qituvchilari kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega bo‘lishi lozimligini eslatib qo‘ygan edi. Shundan so‘ng, O‘zbekiston bo‘ylab o‘qituvchilarga maktab direktorlari tomonidan sertifikatga ega bo‘lish majburiyati haqida ogohlantirish xatlari yuborilgan. QALAMPIR.UZ ushbu holat bo‘yicha vazirlikdan izoh so‘radi. Vazirlik matbuot kotibi Dilfuza Sobirova hududiy bo‘linmalarga bunday topshiriq berilmaganini aytdi.
“Ogohlantirish xati bilan bog‘liq holat bo‘yicha vazirlikning tegishli boshqarmalari tomonidan o‘rganish ishlari olib borilayotganini ma’lum qilamiz”, deydi matbuot kotibi.
Yangi o‘quv yilida chet tili sertifikatiga ega bo‘lmagan o‘qituvchilar ishdan haydaladimi, degan savol esa ochiq qoldi. Vazirlikning yana bir mas’ul xodimi Vazirlar Mahkamasi qarorini ishlab chiqishdan maqsad – o‘qituvchilarni o‘z ustida ishlashga undash ekanini aytdi.
“Chet tili o‘qituvchilari orasida ham o‘z fanini yaxshi bilmaydigan o‘qituvchilar bor. Maqsad: ularning yana-da bilimli bo‘lishi. Hozir talab qo‘yildi, to‘g‘rimi? Endi o‘qituvchilar mana shu B2 sertifikatini olish uchun yanada ko‘proq o‘qib izlanadi. O‘qib izlangandan keyin bu dars o‘tish sifatiga ham ta’sir qiladi” , deydi vazirlik xodimi.
O‘qituvchilar har yili malaka oshirish darslariga boradi, uni tugatgach, test topshiradi. Bundan tashqari, har besh yilda malaka toifasini belgilab beruvchi imtihonga yuboriladi. Endi esa pedagoglar har ikki yilda chet tili bilimini baholash sertifikatini olish uchun ham imtihon topshirishlari kerak. Shu o‘rinda savol tug‘iladi: Vazirlik ta’limni kuchaytirish yo‘lida qila oladigan yagona islohot – pedagoglarni qayta va qayta imtihondan o‘tkazishmi? Aslida, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi o‘qituvchilarni qo‘llab-quvvatlashi, ularga qulay mehnat sharoitlari yaratishi kerak emasmi?
Qayta va qayta o‘qish, imtihon topshirish biror samara bersa, nega bu amaliyot barcha sohalarga tatbiq etilmaydi? Yana qaysi kasb egalari har besh, ikki va bir yilda imtihon qilinyapti, qonunga zid qarori tufayli o‘qituvchilarga shart qo‘ygan Vazirlar Mahkamasi a’zolarimi? Viloyat hokimiga gap qaytargani uchun maktab direktoriga muomala madaniyatini eslatib qo‘ygan vazir Hilola Umarovami? Agar har yili malaka oshirish darslariga qatnab, test topshirgan taqdirda, ularning qaysi biri imtihondan o‘ta olardi?
LiveBarchasi