Bosh prokuratura referendum bo‘yicha kelib tushgan shikoyatlar sonini ochiqladi
Jamiyat
−
01 may 2023
10147Kecha, 30 aprel kuni bo‘lib o‘tgan referendum jarayonlarida fuqarolardan qonun buzilishi holati mavjudligini tekshirib ko‘rish uchun jami 7 ta xabar va murojaat kelib tushgan. Bu haqda bugun, 1 may kuni Markaziy Saylov Komissiyasida bo‘lib o‘tgan brifing davomida Bosh prokuror o‘rinbosari Shohrux Aminov ma’lum qildi.
Uning aytishicha, ularning 5 tasi Toshkent shahri, 1 tasi Samarqand viloyatiga va 1 tasi Namangan viloyati hisobiga to‘g‘ri keladi.
“Aytib o‘tishim kerak, 5 ta qonun buzilishi holati Internet tarmog‘i monitoringi natijasida aniqlandi, 1 tasi Markaziy saylov komissiyasidan olindi, yana 1 tasini fuqarolarning prokuratura organlaridagi 1007 raqamli ishonch telefoniga murojaatlari tashkil etdi. O‘rganishlar natijasida qayd etilgan holatlarning 4 tasi o‘z tasdig‘ini topmagan bo‘lsa, 2 tasi bo‘yicha murojaat etgan fuqarolarimizning talabi qanoatlantirildi”, dedi Aminov.
Shu bilan birga, 1 ta holat bo‘yicha o‘rganish ishlari davom ettirilayotgani aytildi.
“Jumladan, Olmazor tumanidagi 772-sonli referendum uchastkasi komissiya a’zosi, fuqaro N.T. o‘zboshimchalik bilan byulletenlardan 16 donasini olib, oila a’zolari nomidan referendum qonunchiligini buzgan holda ularga belgi qo‘ygan. Ushbu holat joyida Komissiya raisi tomonidan aniqlanib, mazkur byulletenlar bekor qilinishi ta’minlangan va umumiy hisobdan chiqarilib, buzib qo‘yilgan byulletenlarga qo‘shilgan. Holat yuzasidan Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan o‘rganish o‘tkazilmoqda. Bunda aniqlanishi lozim bo‘lgan barcha holatlar to‘liq, har tomonlama va xolisona ko‘rib chiqilmoqda”, dedi Bosh prokuror o‘rinbosari.
Shohrux Aminovning ta’kidlashicha, prokuratura organlari tahlillari, nazorat tadbirlari, kuzatuv va monitoringlardan kelib chiqib, referendumda qonuniylik to‘laqonli ta’minlandi, deb hisoblash mumkin.
LiveBarchasi