Bosh prokuratura OAVdan “Antistrumin” ishiga “aralashmaslikni” so‘radi
Jamiyat
−
28 noyabr 2023
10587Joriy yilning sentyabr oyida Namangan, Andijon viloyatlari va poytaxt Toshkentda yuzlab bolalar bog‘cha va maktablarga tarqatilgan yod preparatini iste’mol qilib, zaharlanishi ortidan uch mansabdor ayol ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingani haqida QALAMPIR.UZ manbasiga tayanib xabar bergan edik. Bosh prokuratura ushbu ma’lumotlarni tasdiqladi.
Qayd etilishicha, “Antistrumin” dori vositasi bilan bog‘liq jinoyat ishi yuzasidan Bosh prokuratura tomonidan jinoyat-protsessual qonunchilik asosida dastlabki tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
“Hozirgi kunda mazkur jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari yakuniga yetmagan bo‘lsada, jinoyat ishi doirasida 3 nafar ayollar qamoqqa olinganligi haqidagi ma’lumotlar har xil talqin qilingan holda ommaviy axborot vositalarida tarqatib kelinmoqda.
Tarqatilayotgan ushbu ma’lumotlar tergovning ob’ektiv va xolisona olib borilishiga xalaqit qilmoqda.
Jinoyat-protsessual kodeksi talablaridan kelib chiqib, tergov harakatlari olib borilayotgan vaqtda shaxsga doir ma’lumotlarni tarqatish va tergovga aralashish qonun bilan taqiqlanishini eslatib o‘tamiz”, deyiladi BP axborotida.
Tergovni yuritayotgan organ ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan tergov tugaguniga qadar ushbu jinoyat ishiga oid ma’lumotlarni tarqatmaslikni so‘ragan.
Bildirilishicha, tergov natijasi haqida qo‘shimcha ravishda ma’lumot beriladi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 6 noyabr kuni Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktorining davolash ishlari bo‘yicha o‘rinbosari F.X. (ayol) va markazning laboratoriya mudiri, katta ilmiy xodimi N.A. (ayol) Jinoyat-protsessual kodeksining (JPK) 221-moddasi (Ushlab turish asoslari) bilan qo‘lga olingan.
Shuningdek, 15 noyabr kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi Dori vositalari, tibbiy buyumlar va jihozlar muomalasini tartibga solish va muravvat yordamini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan, hozirda AKSH farmakopeyasisinint PQM loyihasida katta texnik maslahatchi bo‘lgan X.G‘. JPKning 227-moddasi (Surishtiruvchining, tergovchining yoki prokurorning qaroriga binoan ushlab turish) bilan qo‘lga olingan.
Mazkur masala yuzasidan Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosarining gumonlanuvchilarni qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi iltimosnomasini qanoatlantirgan. Sud ajrimiga ko‘ra, gumonlanuvchilar qamoqqa olinib, xalq tilida “Toshturma” nomi bilan tanilgan – Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish departamenti birinchi mintaqaviy hudud 1-sonli tergov hibsxonasiga joylashtirilgan.
N.A., X.G‘. va F.X.ga Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismining “a” bandi, 205-moddasi (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) 2-kismining "a" bandi 257-1-moddasi (Sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) 1-qismi bilan gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilingan.
Shuningdek, Bosh prokuror o‘rinbosari tomonidan keltirilgan iltimosnomada gumon qilinuvchilar og‘ir turdagi jinoyatni sodir etganligi, ochiqda qolgan taqdirda tergov va sud organidan qochib ketish ehtimoli borligi, dalillarni yashirishi yoki yo‘q qilib yuborishi, jinoiy faoliyatini davom ettirishi mumkinligi, guvohlarni o‘zi tomonga og‘dirishga urinayotganligini inobatga olib, ularga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash so‘ralgan. Sud iltimosnomada keltirilgan vajlarni va unga ilova qilingan hujjatlarni o‘rganib chiqib, iltimosnomani qanoatlantirgan va gumonlanuvchilar qamoqqa olingan.
LiveBarchasi