Non narxi nega oshyapti? Asosiy sabablar aytildi
Jamiyat
−
12 noyabr 2019
7869Joriy yilning 14 oktyabr kuni Vazirlar Mahkamasining “Don, un va non yetkazib berish tizimiga bozor mexanizmlarini to‘liq joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 866-sonli Qarori bilan 2019 yil 15 oktyabrdan “O‘zdonmahsulot” AJ tizimidagi tashkilotlar tomonidan 2019 yil hosilidan tayyorlangan va un ishlab chiqarishga yo‘naltiriladigan bug‘doydan boshqa g‘alla iste’molchilarining barcha toifalariga faqat birja savdolari orqali hech qanday cheklovlarsiz sotilishi belgilandi.
Bu esa, mahalliy dondan tayyorlangan un va qolipli non – “buxanka” narxining tabiiy oshishiga olib kelib, o‘z navbatida ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda aholining e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi jamoatchilik e’tirozlarini inobatga olib non narxinining oshishga sabab bo‘layotgan jihatlar haqida ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, tahlillar qolipli non narxining keskin oshishiga quyidagi omillar sabab bo‘layotganligini ko‘rsatmoqda:
1. Davlat tomonidan don va un sotib olish narxini sun’iy ravishda ushlab turish siyosatidan voz kechilib, Vazirlar Mahkamasining 866-sonli qaroriga muvofiq, “O‘zdonmahsulot” AJ korxonalari tomonidan ishlab chiqariladigan un va qolipli non narxlari davlat tomonidan tartibga solinadigan ijtimoiy ahamiyatli tovarlar va ularning strategik turlari ro‘yxatidan chiqarildi.
Bunga qadar, aholining unga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish uchun davlat tomonidan qishloq xo‘jaligi mahsuloti yetishtiruvchilardan g‘allani past narxlarda sotib olish mexanizmi amal qilgan bo‘lib, Vazirlar Mahkamasining har oylik bayoni asosida qandolat mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga yopiq birja savdolari orqali mahalliy bug‘doy uni sotib kelingan.
Oqibatda fermerlar va don korxonalarining iqtisodiy zarar ko‘rishi, ular moddiy-texnika bazalarini yaxshilay olmasliklari, hosildorlikni oshirishga bo‘lgan rag‘batning tushib ketishiga olib keldi.
Ma’lumot uchun, davlat ehtiyojlari uchun sotib olingan g‘alla narxi 2017 yilda – 550, 2018 yilda – 750, 2019 yilda esa – 1420 so‘m etib belgilangan.
Ko‘p yillar davomida amal qilib kelgan mazkur tizimdan ko‘zlangan asosiy maqsad aholini arzon narxli qolipli nonga bo‘lgan ehtiyojini qondirishdan iborat bo‘lishi bilan birga, turli korrupsiyaviy sxemalarning vujudga kelishiga, arzon narxlarda sotib olingan undan qolipli non ishlab chiqarmasdan unni bozorlarda sotish orqali mo‘may daromad olinishiga, mahalliy unning aholiga qat’iy o‘rnatilgan davlat narxlarida yetib bormasligiga olib kelgan.
Birgina, “Ohangaron don” AJ boshqaruvi mansabdor shaxslari tomonidan 2011-2018 yillar davomida aholi ehtiyojlari uchun qolipli non ishlab chiqarilishi lozim bo‘lgan jami 18,6 mlrd so‘mlik un va don mahsulotlari o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilingan.
Ushbu holat yuzasidan aybdor shaxslarga nisbatan jazo muqarrarligi ta’minlangan.
Shuningdek, “Qoraqalpoq don mahsulotlari” AJ mansabdor shaxslari tomonidan 2018-2019 yillar davomida har bir qopi 87,5 ming so‘mdan sotilishi belgilangan 6 134 qop un mahsulotlarini 110 ming so‘mdan, jami 674,7 mln. so‘mga sotib, 138 mln. so‘m pul mablag‘larini o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborganligi holati yuzasidan 17.10.2019 yilda qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.
2. Yoqilg‘i, energetika va gaz narxining yildan-yilga oshib borishi ishlab chiqarilayotgan un va non tan narxi qimmatlashuviga olib kelmoqda. Xususan, 2017 yilda un ishlab chiqaruvchi korxonalarga 1 kVt soat elektr energiyasi narxi 204,3 so‘m etib belgilangan bo‘lsa, 2019 yilga kelib 450 so‘mni (120,4 foizga oshgan) tashkil qilmoqda.
3. “O‘zdonmahsulot” AJ korxonalari tomonidan ishlab chiqarilgan va birja savdolariga qo‘yilgan un hajmi iste’molchilar talabiga mutanosib emas. Respublika aholisining 2018 yilda un mahsulotlariga bo‘lgan yillik talabi 3,2 mln tonnani (bir oylik 267 ming tonna) tashkil qilib, respublikada 2,9 mln tonna (92 foiz) un ishlab chiqarilgan (1,5 mln tonnasi “O‘zdonmahsulot” AJ, 1,4 mln tonnasi xususiy ishlab chiqarish korxonalari).
Yoki, joriy yilning noyabr oyi uchun birja savdosiga qo‘yilgan un miqdori 144 ming tonnani (aholi ehtiyojining 54 foiz) tashkil etib, iste’molchilarning unga bo‘lgan 123 ming tonna (46 foiz) qo‘shimcha ehtiyojlari xususiy korxonalar tomonidan un ishlab chiqarish, shuningdek, Qozog‘iston, Rossiya, Tojikiston va boshqa davlatlardan import qilish hisobiga ta’minlanmoqda.
4. “O‘zdonmahsulot” AJ tarkibidagi mavjud 44 ta korxonaning o‘rtacha yillik quvvati 2,3 mln tonna un ishlab chiqarishni tashkil etsada, korxonalar to‘liq quvvatda ishlamayotganligi sababli 2018 yilda 1,5 mln tonna (65 foiz) un ishlab chiqarilgan. Oqibatda, “O‘zdonmahsulot” AJ korxonalari tomonidan birja savdolariga qo‘yilishi rejalashtirilgan un hajmi to‘liq ta’minlanmayapti.
Jumladan, joriy yil 23 oktyabr kuni jadval asosida birja savdolariga qo‘yilishi rejalashtirilgan kunlik 6700 tonna un o‘rniga 5785 tonna un (86 foiz) savdoga qo‘yilgan. (24 oktyabr kuni rejaga nisbatan 716 tonna, 29 oktyabr kuni 803 tonna, 30 oktyabr kuni 792 tonna kam un qo‘yilgan).
5. “O‘zdonmahsulot” AJ tomonidan un ishlab chiqaruvchi tashkilotlarning xarajatlarini 18,9 mlrd. so‘mga maqbullashtirish hamda mahsulot tannarxini 10,3 foizga arzonlashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan bo‘lsada, amalda un tannarxining arzonlashishi ta’minlanmagan.
Yuqorida keltirilgan omillarning barchasi birja savdolarida mahalliy un va qolipli non narxining oshishiga olib kelgan.
Bosh prokuratura bayonotida mamlakatda amalga oshirilayotgan har bir islohotlarda fuqarolarni moddiy va ma’naviy tomondan qo‘llab-quvvatlash, aholining ehtiyojmand qatlamini ijtimoiy himoya qilishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlangan.
Shunga ko‘ra, aholining ehtiyojmand qatlamlari ijtimoiy himoyasini ta’minlash maqsadida 2019 yil 1 oktyabrdan boshlab un va qolipli non xarid qilish bo‘yicha qo‘shimcha xarajatlarni qoplash uchun yoshga doir va nogironligi bo‘yicha nafaqa, boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi va nafaqasi (har bir boqimandaga), bolalikdan nogiron bo‘lgan 16 yoshdan katta shaxslarga nafaqa, 16 yoshgacha nogiron bo‘lgan bolalar va 18 yoshga to‘lmagan OIV infeksiyasiga chalingan shaxslarga nafaqa, shuningdek, belgilangan eng kam yoshga doir pensiyaning miqdoridan kam pensiya oluvchi har bir pensiya oluvchiga, shuningdek, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan ikki yoshgacha bo‘lgan bolalar parvarishi uchun tayinlangan nafaqa yoki moddiy yordam oluvchi oilaga beriladigan har oylik pul kompensatsiyasi 50 ming so‘m qilib belgilandi.
Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat byudjetiga tushumlar prognozi ijrosini ta’minlash, tadbirkorlik va kichik biznesni joylarda yanada rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlarni aniqlash va ishga solish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar samaradorligi hamda bu boradagi dolzarb vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida non narxiga doir ko‘rsatma bergani xabar qilingandi.
LiveBarchasi